Bugun 29 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Takesi Ivaya: O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari ming yillik tarixga ega

Takesi Ivaya: O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari ming yillik tarixga ega

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya joriy yil 26-27 avgust kunlari mamlakatimizda mehmon bo‘ladi. Bu – Yaponiya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga so‘nggi uch yildagi birinchi tashrifidir.

“Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ayirboshlash tarixi ming yildan ko‘p davrga borib taqaladi. Ipak yo‘li orqali mamlakatimizga turli madaniyat va texnologiyalar kirib keldi va Yaponiya tarixi, jamiyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Yaponiyani bir necha ming kilometr quruqlik va dengiz ajratib turganiga qaramay, o‘tgan yillar davomida xalqlarimiz madaniy va etnik yaqinlik tuyg‘usini saqlab, mustahkamlab kelmoqda”, – deb yozadi Takesi Ivaya “Dunyo” axborot agentligi chop etgan maqolasida.

Yapon bosh diplomati Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan surgun etilgan O‘zbekistondagi yaponiyalik ishchilar va mahalliy aholi o‘rtasida iliq munosabatlar shakllangani, yaponlar ko‘magida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining mahobatli binosi ikki davlat o‘rtasida do‘stlik timsoliga aylanganini qayd etgan.

“O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yilda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Yaponiya o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston taraqqiyotini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi va doimo uning ishonchli hamkori hamda do‘sti bo‘lib kelayotir. Ko‘p yillik tarix va do‘stlikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Yaponiya O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, uning rivojlanishiga, jumladan, infratuzilmani yaxshilash, kadrlar tayyorlash kabi sohalarda har tomonlama ko‘mak bermoqda”, – deydi T.Ivaya.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy kreditlar ajratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘maklashish, iqtisodiy infratuzilma hamda murakkab iqlim sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va davlat qurilishi uchun inson resurslarini tayyorlash loyihalari bu boradagi hamkorlikka misol sifatida keltirilgan.

“Yaponiyaning bunday hissasi zamonaviy O‘zbekiston rivojiga zarracha bo‘lsa-da yordam bersa, bu biz uchun katta quvonch baxsh etadi. Chunki Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari 2016 yilda Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng O‘zbekiston uning rahbarligida barqaror iqtisodiy rivojlanish sari yuz tutdi. Shu munosabat bilan Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar keyingi yillarda tobora jadal rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga buyurgan tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tardi va turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi”, – deydi Kunchiqar o‘lka vaziri.

Ta’kidlanishicha, Yaponiya Markaziy Osiyoning ahamiyatiga o‘z vaqtida e’tibor qaratgan holda, katalizator sifatida mintaqaviy hamkorlik jarayonini mustaqil olg‘a siljitish uchun 2004 yilda dunyoning boshqa davlatlaridan o‘zib, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot formatini tashkil etdi. 20 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilayotgan ko‘plab siyosiy muloqotlar va gumanitar almashinuvlar, jumladan, shu kungacha 9 marta o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari Yaponiya va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi mustahkam halqaga aylandi.

“Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mustahkam iqtisodiy rivojlanishga erishdi hamda uning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim savdo yo‘li sifatidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, Yaponiya tomoni xalqaro vaziyatning o‘zgarishi munosabati bilan Markaziy Osiyo davlatlari turli ta’sir turlarini boshdan kechirayotganini yaxshi tushunadi.

Aynan hozir, Markaziy Osiyo atrofidagi vaziyat keskin o‘zgarib borayotgan bir paytda, mintaqaviy hamkorlik zarur”, – deydi T.Ivaya.

Vazirga ko‘ra, mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, rasmiy Tokio “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida mintaqa bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va birgalikda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni qat’iy qo‘llab-quvvatlash niyatida.

Yaponiya, shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga kadrlar tayyorlash, “yashil” energiya, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va boshqa yo‘nalishlarda ko‘maklashishda davom etadi.

27 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan kechadigan uchrashuvda ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi strategik muloqoti doirasida turli sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro chaqiriqlarga birgalikda javob berish masalalari yuzasidan fikr almashilishi kutilmoqda.

Yaponiyalik yuqori martabali mehmonning Samarqandga tashrifi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil aprel oyida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan edi.

Kiritildi: 19:41 26.08.2025. O'qildi: 492 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!