Bugungi kunda Toshkent metropolitenida ko‘plab bekatlarda chipta sotib olish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda. Shu sababli kassa operatori lavozimidagi xodimlarga bo‘lgan talab kamayib bormoqda. Shu munosabat bilan yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish o‘rinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Jumladan, birinchi bosqich doirasida 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari belgilangan normativ huquqiy hujjatlar asosida qisqartirildi.
Yuqorida ta’kidlangan avtomatlashtirilgan bankomatlarni metropolitenning barcha bekatlarida yil yakuniga qadar o‘rnatish rejalashtirilgan va buning natijasida, Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlariga bo‘lgan ehtiyoj qolmaydi hamda ushbu lavozimlar to‘liq tugatilishi ma’lum qilinadi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, ishdan bo‘shatilgan 204 nafar kassa operatori va boshqa xodimlarning taqdiri nima kechadi? "Toshkent metropoliteni" DUK ma’muriyati ishdan ketgan xodimlarga o‘z istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasb-hunar o‘rganish kurslarida ishtirok etish taklif qilinishini ma’lum qildi. Ya’ni ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va shu kabi boshqa yo‘nalishlardagi kurslardan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ammo bu yechim degani emas. Tayyor ishlab turgan, maosh olib turgan va bu bilan ro‘zg‘orini tebratayotgan xodimni ishdan bo‘shatib, "sen mana bu kasb-hunarni o‘rganishing mumkin", deyish xodimga nisbatan adolatsizlik. Ushbu o‘quv kurslarining to‘lovlari belgilangan tartibda "Toshkent metropoliteni" DUK tomonidan to‘liq qoplab berilishi ham yechim emas. Chunki boshqa kasb-hunarni o‘rganguncha vaqt talab qilinadi, bu orada xodim daromadsiz qoladi. Eng ahamiyatli tomoni, kasb-hunar o‘rgangandan keyin ham ish topa oladimi, yo‘qmi, noma’lum. Agar ishdan bo‘shatilgan xodim boshqa ish topguniga qadar doimiy moddiy ta’minlab turilsa, boshqa gap. Ammo bizda bu ham juda qiyin.
Xullas, qulaylik, zamonaviylik yaxshi, ammo bu tufayli qanchadan-qancha xodimlar ishidan ayrilishi achinarli holat. Bu borada biror-bir samarali yechimni topish kerak, bizningcha. Axir bugun yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgan bir paytda inson manfaati zamonaviylikdan ustun bo‘lishi kerak.