Bugun 29 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Homiylik xayriyalari yig‘ishning yangi tartibi kuchga kirdi

Homiylik xayriyalari yig‘ishning yangi tartibi kuchga kirdi

Joriy yilning 21 avgust kuni qabul qilingan «Ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan bir qator, jumladan, «Homiylik to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Maqsad –homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini aniq belgilash.

Qayd etilishicha, homiylik qilish tartibi milliy qonunchiligimizda aniq belgilanmaganligi sababli ayrim firibgarlar fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilib, ularning mulkini noqonuniy egallab kelmoqda.

Misol uchun,ijtimoiy tarmoqlarda begona bolalarning kasal holatdagi suratini joylab, xayriya pullarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar kam emas. Bunday holatlar nafaqat fuqarolarning moddiy zarar ko‘rishiga olib keladi, balki ularning xayriya faoliyatiga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi va jamiyatdagi ijtimoiy hamjihatlikka putur yetkazadi.

Bu kabi firibgarlik holatlari xayriya faoliyati va xorijiy moliyaviy yordamning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo qilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, «Homiylik to‘g‘risida»gi Qonunda quyidagilar belgilanmoqda:

  • homiylik xayriyalari naqd pul shaklida faqat xayriya qutisi yordamida yig‘iladi yoki homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
  • homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi;
  • homiylik oluvchi jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarining miqdori va ulardan maqsadli foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ushbu xayriyalarni bergan shaxslarning talabiga ko‘ra taqdim etadi;
  • homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlari boshlanishi va yakuni bo‘yicha OAV, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tegishli ma’lumotlar e’lon qilinadi va soliq hisobotlarida aks ettiriladi;
  • jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari manfaatida yig‘adi, bunda naqd pul faqat ularning bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga o‘tkaziladi;
  • ko‘ngillilar homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, homiylik xayriyalarini yig‘ishga faqat e’lon berish orqali ko‘maklashadi;
  • xayriya qutisi faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi, shaffof va muhrlangan bo‘ladi, uni ochish va mablag‘larni hisoblab chiqish jarayoni videoyozuvga olinadi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun (2392-modda) 1,2 mln so‘mdan 2,8 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.

Kiritildi: 18:09 26.08.2025. O'qildi: 513 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!