Orzu-umidlar bilan oila qurib, farzandli bo‘lishgan ayrim yosh ota-onalar farzandday ulug‘ ne’matga shukrona keltirish o‘rniga, arzimagan oilaviy kelishmovchiliklarni bahona qilib, farzandlarini tirik yetim bo‘lishiga sababchi bo‘lishmoqda.
Otalik katta mas’uliyat, nafaqat farzandlar tarbiyasida, balki oilani boshqarish va moddiy ta’minlash ham erkak kishining zimmasida.
Oramizda shunday otalar ham borki, farzandlari haqida umuman o‘ylamay qo‘yishgan, go‘yoki bolalari o‘z-o‘zidan katta bo‘lib qolayotgandek.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining 03.06.2015 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor S.R.dan undiruvchi M.J.ning foydasiga bir nafar farzandining voyaga yetguniga qadar ish haqi va boshqa topgan daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor tomonidan aliment pullari to‘lanmagani sababli, 40,9 mln. so‘m qarzdorlik to‘planib qolgan.
Qarzdor S.R.ga nisbatan Byuroning Bog‘ot tuman bo‘limi tomonidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudiga yuborilgan va ushbu sudning 11.08.2025 yildagi qarori bilan qarzdor S.R.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’muriy qamoqdan to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota undiruvchi M.J. foydasiga 2022 yil mart oyidan hozirgi kunga qadar yig‘ilib qolgan 40,9 mln. so‘m aliment qarzini to‘liq to‘lab berdi.
Shu o‘rinda, barcha aliment to‘lovchilardan to‘lov intizomiga rioya etib qolishlarini so‘raymiz. Zotan, aliment to‘lovlari moddiy yordamga muhtoj farzandlarning unib-o‘sishi, kelajagi uchun beriladigan mablag‘lardir.