Isroil kuchlari tomonidan blokada qilingan G‘azo sektorida ocharchilik va ozuqa yetishmasligi oqibatida so‘nggi 24 soat ichida yana to‘rt falastinlik vafot etdi, ular orasida bir bola ham bor. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir al-Bursh ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, ochlik qurbonlarining umumiy soni hozirga kelib 197 nafarga yetdi, shulardan 96 nafari bolalardir.
«Har bir bola — bu hali orzu qilar- qilmas yo‘q qilingan hayot. Har bir qurbon — jim turib amalga oshirilgan jinoyatning guvohi», — dedi al-Bursh.
U xalqaro hamjamiyatni G‘azodagi fojiaga befarq qolmaslikka chaqirdi.