Isroilning havo hujumlari va AQSh sanksiyalariga qaramay, Tehron neft qazib olishni tiklabgina qolmay, uni rekord darajaga yetkazdi.
Bloomberg nashrining yozishicha, Isroil zarbalari va AQShning yillardan beri davom etayotgan sanksiyalariga qaramasdan, Eron neft sanoati tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Analitiklar bahosiga ko‘ra, Tehron bosimga bardosh bera oldi, balki oxirgi bir oy ichida neft qazib olish va eksportni ancha oshirdi.
Nashrning aniqlashicha, Tehron o‘zining asosiy savdo hamkori bo‘lgan Xitoy bilan strategik hamkorlikdan faol foydalanmoqda hamda sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun murakkab logistika sxemalarini qo‘llamoqda. Bundan tashqari, AQShning sanksiyalarni qo‘llashdagi izchil emasligi ham Eronga yordam bermoqda.
Donald Tramp iyun oyi oxirida Vashington Tehronga nisbatan ayrim sanksiyalarni yumshatishi mumkinligini aytgan edi. Ammo, Axios nashriga ko‘ra, keyinroq u fikrini o‘zgartirdi, bunga Eron rahbariyatining keskin bayonotlari sabab bo‘lgan.
2024 yilda Eron o‘rtacha kuniga 5 million barrel neft qazib oldi — bu 1979 yildan beri (rejim almashgan yildan buyon) eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yili neft va neft mahsulotlari eksporti Eronga 78 milliard dollar daromad keltirdi, bu esa 2012 yilgi inqirozdan oldingi darajaga deyarli yetib bordi.
Vortexa kompaniyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida eksport hajmi kuniga 1,8 million barreldan oshdi. Asosiy xaridor Xitoy hisoblanadi.
Bu o‘sish 13-iyunda Isroil bilan boshlangan urushga qaramasdan davom etmoqda. 12 kun ichida Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning neft va gaz sanoatiga katta zarar yetkazishga harakat qildi. Xususan, dunyodagi eng yirik gaz koni bo‘lgan Janubiy Pars va bir nechta neftni qayta ishlash zavodlari hujumga uchradi. Natijada yong‘inlar kelib chiqdi va ayrim ishlab chiqarish ob’ektlari vaqtincha to‘xtatildi. Biroq Eron Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy infratuzilma butunligicha qolgan.
Janubiy Pars tabiiy gaz qazib olishning uchdan ikki qismini ta’minlaydi va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Zarar ko‘rilganiga qaramay, yetkazib berish tezda tiklandi. Eron zarar yetmagan neftni qayta ishlash zavodlari hisobiga urushdan oldingi eksport hajmini deyarli to‘liq tikladi.
Shunga qaramay, tahlilchilar ogohlantirmoqda: Erondagi asosiy eksport terminali — Xarg oroli Isroilning keyingi hujumlari uchun nishonga aylanishi mumkin. Bu joy kelasi urushda muhim nishonga aylanish ehtimoli yuqori.