Mamlakat Ichki ishlar vazirligining Qafqazinfo nashriga tasdiqlashicha, agentlikning Bokudagi ofisida tergov harakatlari olib borilmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, polisiya ofisni o‘z nazorati ostiga olgan.
Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi vakili Oyxon Hojizode 2025 yil 24 fevral kuni “Sputnik Ozarboyjon”ning faoliyati tugatilganini va agentlik faqat bitta muxbir uchun akkreditasiya olish huquqiga ega bo‘lishi mumkinligini bildirgandi. Bungacha “Sputnik Ozarboyjon” xodimlari soni 40 nafar bo‘lgan. Shunga qaramay, agentlik o‘z faoliyatini davom ettirgan va uning xodimlari ishga kelishda davom etgani aniqlangan.
Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar 27 iyun kuni Yekaterinburgda ozarboyjon millatiga mansub 50 dan ortiq shaxs qo‘lga olinganidan so‘ng keskinlashdi. Qo‘lga olish chog‘ida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan. Boku bu ish bo‘yicha aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa qo‘lga olinganlar Rossiya fuqarolari ekanini bildirdi.
Mazkur voqea ortidan Ozarboyjon parlamenti delegasiyasi Ozarboyjon Respublikasi Milliy Majlisi va Rossiya Federal Majlisi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etmaslikka qaror qildi. Shuningdek, Ozarboyjon Madaniyat vazirligi Rossiyaning davlat va xususiy muassasalari tomonidan Ozarboyjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha qo‘shma madaniy tadbirlarni bekor qildi.