Qimmatbaho metallarga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslar rag‘batlantiriladi. Bu borada Prezidentning PQ-207-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:
- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizasiya qilish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz;
- oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im.
2028 yil 1 yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda respublika byudjetidan qaytariladi.
2025 yil 1 sentyabrdan:
- YATTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi;
- Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida "Soliq" mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.