“Ikki haftadan keyin” — AQSh prezidenti Donald Tramp tez-tez ishlatadigan ibora. U bu iborani, odatda, vaqt yutush uchun qo‘llaydi — go‘yo tafsilotlarni yoki qarorni “ikki haftadan keyin” e’lon qilishi kerakligini aytadi, lekin deyarli hech qachon va’dasini bajarmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda prezident tanqidchilari hatto Trampning bu iborani soliqlar, sog‘liqni saqlash, infratuzilma yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasida qayta-qayta ishlatgan lavhalarini yig‘ib chiqishgan.
Ammo bu safar bu ibora boshqacha ishladi: Trampning matbuot kotibasi Karolin Levitt “Eron bo‘yicha qaror ikki hafta ichida qabul qilinadi” deb bayonot berayotgan paytda, AQSh harbiylari aynan o‘sha kechasi Eronning uranni boyitish ob’ektlariga kuchli zarba bergan edi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful (XDS) haftaning boshidayoq AQShning mojaro ichiga aralashishiga ishonmasligini aytgan edi. U Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchiy bilan uchrashuv ham o‘z ichiga olgan muzokaralarga umid bog‘lagan edi.
Eng qizig‘i, aynan Arakchiy “ikki hafta” iborasi shunchaki aldov bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan yagona shaxs bo‘ldi.
“Yoki AQSh rostdan ham muzokara qilishni istagan, yoki ularda boshqa reja bo‘lgan. Muzokaralar esa ko‘zbo‘yamachilik edi”, — dedi u NBC telekanaliga bergan intervyusida.
Ko‘rinib turibdiki, AQSh Trampning odatdagi ritorikasidan ataylab foydalangan, Tehronni chalg‘itish uchun.