Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025/2026-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayoni va shartlari haqida ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, reglamentga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqich: 20 iyundan 31 iyulgacha mikrohudud doirasida;
- 2-bosqich: 1 avgustdan 15 avgustgacha mikrohududdan tashqarida.
1-sinfga qabul jarayonlari ba’zi tuman va shaharlarda (.pdf) elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar 20 iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishi mumkin.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimiga (adm.maktab.uz) kiritiladi.
Ta’kidlanishicha, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2018 yil 31 dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.