Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahrida yashovchi, 1966 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zgalarning ishonchiga kirib, hozirda faoliyat yuritmayotgan Andijon shahridagi turistik firma nomidan 10 nafar fuqaroni “Haj” ziyoratiga yuborishini aytib, evaziga har biri uchun 5 ming AQSh dollaridan jami 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda Qarshi shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1985 y.t. shaxs firibgarlik yo‘li bilan fuqaroning ishonchiga kirib, u va uning qarindoshini poytaxtdagi tanishlari orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 14 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Namangan shahrida qayd etilgan holatda esa mahalliy turistik firmalardan birining menedjeri 2 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Haj” amallarini ado etish uchun yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari tomonidan ushlandi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma ishchisi Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga Qo‘qon shahrida 9 ming AQSh dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.