Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nurafshon shahri bo‘limi, DXX, IIV va Bojxona xodimlari hamkorligida va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan N.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan jami 72 000 dona “sistema infuzion” tibbiy buyumlarini 17 900 AQSh dollari va 30 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning “KIA” rusumli avtomashinasi hamda Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi yashash xonadonidan sotish maqsadida saqlab kelingan umumiy bahosi 240 mln so‘mlik 867 quti dori vositalari hamda 29 turdagi 72 389 dona tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Chirchiq shahri bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Q.B. fuqaro SH.B.ga kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan jami 11 500 dona “Menavazin” va “Metralin” nomli dori vositalari hamda “sistema infuzion” tibbiy buyumlarini 130 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.