Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan “Magic City” bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomoshaning videolavhasi tarqaldi. Unda o‘z joniga qasd qilish sahnasi sahnalashtirilgani aks etgan. Eng xavotirlisi — ushbu tomoshada kattalar bilan bir qatorda yosh bolalar ham ishtirok etgani ma’lum qilindi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Bolalar ombudsmani holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Ma’lumot uchun:
“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga ko‘ra, bolalarni o‘z joniga qasd qilishga undaydigan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlanadi.
19-modda esa jamoat joylarida bunday axborotni ko‘rsatish uchun maxsus himoya choralari va texnik vositalar zarurligini belgilaydi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari”ning 59-bandiga ko‘ra, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi har qanday harakat taqiqlanadi.
Bolalar ombudsmani quyidagi choralarni amalga oshirdi:
“Magic City” direksiyasidan mazkur voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirish yoki tushuntirish berishni so‘radi;
Qonunbuzilish holati mavjudligi yoki yo‘qligini o‘rganish va zarur bo‘lsa, qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga murojaat yo‘lladi.