Zarafshon daryosining “Urganji” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi hududida nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.
Tekshiruv davomida Navoiy viloyati Navbahor tumanida yashovchi fuqaro I.I. o‘ziga tegishli texnika vositalari yordamida daryo tubidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, transport vositalariga ortganligi aniqlandi.
Huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 30 baravari — 11 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. Shuningdek, huquqbuzarning texnika vositalari jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Shuningdek, hodisa joyidan qochishga uringan yuk avtomashinalari haydovchilari ichki ishlar organlari orqali aniqlandi. Davlat inspektorlarining talablarini bajarmaganliklari uchun ularga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
Bunday huquqbuzarliklarning oldini olish va hududning tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.