Bugun 2 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

7 iyun shanba kuni hamma dam oladi

7 iyun shanba kuni hamma dam oladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlar timsoli bo‘lgan, asrlar davomida ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin tutib kelayotgan muborak Qurbon hayitining ahamiyati Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib borayotganini hisobga olib hamda ushbu qutlug‘ ayyomni har tomonlama munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida qaror qilaman:

1. 2025 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 6 iyun – juma kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 6 iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2025 yil 7 iyun (shanba) kuni olti kunlik ish haftasi tartibi bo‘yicha ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

SH. Mirziyoyev

Kiritildi: 21:26 30.05.2025. O'qildi: 911 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!