Pekin Putinni “o‘z o‘rniga qo‘yaishi” va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishi mumkin. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vaziri so‘z ochdi.
"Rossiya Xitoy Xalq Respublikasining “iqtisodiy vassali” bo‘lgani sabab Pekin Moskvani savdo embargosi bilan qo‘rqitishi mumkin edi, ammo, hozircha bunday harakatlar ko‘ringani yo‘q", — dedi Polsha TIV rahbari Radoslav Sikorskiy Germaniyaning Tagesspiegel nashriga bergan intervyusida.
Sikorskiyning fikricha, Putin butun Ukrainani o‘z nazoratiga olishga jiddiy bel bog‘lagan, shuning uchun ham vaqtni cho‘zmoqda.
"Putin hali ham g‘alaba qozonishi mumkinligiga ishonmoqda. Biroq, aslida vaziyat tang holatga kelgan. Quruqlikda Rossiya faqat juda ham oz ilgarilashga erishmoqda va o‘n minglab askarlarini yo‘qotmoqda. Qora dengizda esa Ukraina g‘alaba qozondi", — deya fikr bildirdi Sikorskiy.
Polsha tashqi ishlar vaziri jahon hamjamiyatini "Rossiya mazkur bosqin xato bo‘lganini va o‘z maqsadlariga erisha olmasligini anglamagunicha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish"ga chaqirdi.