Bag‘dodda bo‘lib o‘tgan Arab Ligasi sammitida Falastin prezidenti Mahmud Abbos HAMASni G‘azo ustidan nazoratdan voz kechib, qurollarni Falastin ma’muriyatiga topshirishga chaqirdi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos HAMASni G‘azo sektori ustidan nazoratdan voz kechishga va qurollarini tashlashga chaqirdi. Bu haqda u Iroq poytaxti Bag‘dodda bo‘lib o‘tayotgan Arab davlatlari ligasining 34-sammitida aytib o‘tdi.
"Biz HAMASni G‘azo ustidan nazoratdan voz kechishga va barcha guruhlarni qurollarini (Falastin) ma’muriyatiga topshirishga chaqiramiz", dedi Abbos Isroilning hujumlari va falastinliklarni ko‘chirish rejalarini sharhlar ekan.
Uning ta’kidlashicha, Falastin masalasi ekzistensial tahdidga duch kelmoqda. "G‘azo sektoridagi genosid va G‘arbiy Sohildagi aholi punktlari mustamlakachilik loyihasidir", - dedi Falastin prezidenti.
Abbos G‘azoda uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishga va “arab rejasi” deb atalgan barcha mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. Shuningdek, u mintaqaga insonparvarlik yordamini qayta tiklashni talab qildi.
Falastin prezidenti G‘azo sektorini qayta tiklash rejasini moliyalashtirish va amalga oshirish uchun Qohirada xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning harakatlari – qotillik va majburan ko‘chirilishi – ikki davlat yechimini buzishga qaratilgan loyihaning bir qismidir.
“Biz yagona tizim, yagona qonun va yagona armiya bo‘lishini istaymiz”, - deydi Abbos. U G‘arbiy Sohil va Quddusdagi islohotlar va rivojlanish dasturlarini moliyalashtirishga chaqirdi.
Falastin rahbari, shuningdek, kelasi yili prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
"Biz G‘arbiy Sohil, G‘azo va Quddusda zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan kelasi yil prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyormiz. Biz davlat institutlarini isloh qilishni davom ettiramiz", - deya ta’kidladi u.
Bag‘dodda bo‘lib o‘tadigan Arab Ligasining 34-sammiti ishtirokchilari Isroilning G‘azodagi hujumlariga siyosiy baho berishi, shuningdek, Livan va Suriyadagi voqealarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Sammit AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi fonida o‘tmoqda. 13-16 may kunlari Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ldi.
Amerika rahbari kutilganidan farqli o‘laroq, safari davomida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmagan. Aksincha, Isroil G‘azo sektoriga hujumlarini kuchaytirdi.
16 may kuni Isroil armiyasi “Gidyon aravasi” operasiyasi boshlanganini e’lon qildi. Harbiylar operasiya natijasida falastinliklar G‘azodan chiqarib yuborilishi va mintaqa ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishini aytdi.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida G‘azoda 400 dan ortiq odam halok bo‘lgan.