Isroil armiyasining G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirgan hujumlari natijasida bugun ertalabdan beri halok bo‘lgan falastinliklar soni 94 nafarga yetdi.
Bu haqda Falastin fuqarolik mudofaasi ma’muriyati vakili Mahmud Basal ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum qurbonlari orasida butun bir oila - ota-onalar va ularning barcha bolalari bor.
AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi munosabati bilan Isroil armiyasi G‘azo sektoriga havo hujumlarini kuchaytirdi. So‘nggi soatlarda tinch aholi manzillari, jumladan, tibbiyot muassasalari o‘qqa tutilishi natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va yaralangani haqida xabar berilgan.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 53 ming 10 nafarga, yaralanganlar soni esa 119 ming 998 nafarga yetdi. Aytilgan davrda anklavning 2,4 million aholisidan 1,5 millionga yaqini boshpanasiz qolgan. Isroil rasmiylari gumanitar yordamning mintaqaga yetib borishini to‘sib qo‘ygani sababli G‘azo ocharchilikni boshdan kechirmoqda.