Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “Kommersant’” nashrining maxsus muxbiri Andrey Kolesnikovning uning iste’foga chiqishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berdi. Qodirov bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbat chog‘ida ko‘tarishini aytdi.
«Bugun prezidentdan so‘rayman. U nima dese — shunday bo‘ladi. Yaqin orada saylovlar bo‘lib o‘tadi. So‘rayman. Lekin nega bo‘lmasin? Biz hammasini qildik, hammasini qurdik. Agar biror muammo paydo bo‘lsa — qaytib kelamiz! Lekin yana aytaman: bu mening qarorim emas!» — dedi Checheniston rahbari Moskvada Vladimir Putin va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng.
5 may kuni Ramzan Qodirov “Chechnya Segodnya” axborot agentligiga bergan intervyusida prezidentdan uni lavozimidan ozod etishini so‘raganini aytdi. Qodirov avval ham bir necha bor iste’foga chiqish istagini bildirgan. 2022 yilda u bu lavozimda «ortiqcha o‘tirib qolganini» va «cheksiz hamda uzoq ta’tilga loyiq» ekanini aytgan edi. Qodirov 2007 yildan buyon mintaqani boshqarib kelmoqda. Oxirgi marta u 2021 yilda qayta saylangan bo‘lib, 99,7 foiz ovoz olgan.