Bugun 31 may, 2025 yil, shanba

КИР

«IPAK YO‘LI DURDONASI» XV TOSHKENT XALQARO KINOFESTIVALI ISHTIROKCHILARI O‘ZBEKISTON PREZIDENTI NOMIGA MUROJAATNOMA QABUL QILDILAR

A A A
«IPAK YO‘LI DURDONASI» XV TOSHKENT XALQARO KINOFESTIVALI ISHTIROKCHILARI O‘ZBEKISTON PREZIDENTI NOMIGA MUROJAATNOMA QABUL QILDILAR

Kinoijodkorlar o‘z murojaatida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mehmondo‘stlik va Festivalda yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar va bundan keyin ham soha rivoji yo‘lida g‘ayrat bilan xizmat qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Kinoijodkorlar Toshkent kinofestivalining geografiyasi yil sayin kengayib borayotganini ta’kidlab o‘tdilar:

– 1958 yildan boshlangan Toshkent xalqaro kinofestivali Sizning tashabbusingiz bilan 2021 yilda qayta tiklandi. Birinchi kinofestivalda Osiyo va Afrika davlatlari ishtirok etishgan, keyinchalik ular qatoriga Lotin Amerikasi kinoijodkorlari ham qo‘shilgan. Bugun esa yangi formatda qayta tiklangan kinofestivalga «Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat» shiori ostida dunyoning 51 davlatidan 300 dan ortiq kinoijodkorlar yig‘ildi.

Barcha kinoijodkorlar Toshkent kinofestivali doirasida o‘tkazilgan va o‘nlab xorijiy kinoijodkorlar ishtirok etgan o‘ziga xos keng hamda puxta o‘ylangan ta’lim dasturini alohida ta’kidlab o‘tdi:

– XV Toshkent kinofestivalida nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarining yosh avlodi uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturlari va ijodiy uchrashuvlarga alohida e’tibor qaratildi. 51 mamlakatning taniqli kinoijodkorlari 6 ming nafar kino san’ati ixlosmandlari uchun 50 dan ortiq mahorat darslarini o‘tkazdi.

Murojaat mualliflari Yangi O‘zbekistonda industrial infratuzilmaning jadal va kuchli rivojlanayotgani haqida gapirib o‘tishdi:

– Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyi, Kino tarixi muzeyi, qayta tiklangan «O‘zbekfilm» kinokonsernining yuqori texnologiyali pavilyonlarida bo‘ldik, texnik jihozlar va 3D-studiyalar, Toshkent shahridagi DCP proyeksiyali zamonaviy kinoteatrlar va boshqa ko‘plab yangiliklar bilan tanishdik. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalarining ochilishini milliy kino kelajagi uchun muhim hissa sifatida qabul qilish mumkin.

Murojaatnoma yakunida XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston kino san’atini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirib o‘tdi:

— Biz kino rivojiga professional hissamiz bilan yordam berishga tayyormiz. Bu nafaqat kino sanoatini yanada rivojlantirishga, balki yangi avlod ta’lim va tarbiyasiga ham xizmat qiladi. XV Toshkent xalqaro kinofestivalining barcha ishtirokchilari nomidan mehmondo‘stlik va yaratilgan shart-sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirishga, mustahkam sog‘lik va Yangi O‘zbekiston farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Murojaat ostida yuzlab mashhur kino namoyandalari o‘z imzolarini qoldirishdi, jumladan, ikki karra «Oskar» mukofoti sovrindori Kevin Speysi (AQSh), Venesiya kinofestivalining «Oltin sher» mukofoti, Kann kinofestivalining ikkita «Oltin palma novdasi» mukofoti sovrindori Emir Kusturitsa, Venesiya kinofestivalining «Oltin sher» mukofoti sovrindori Kshishtof Zanussi (Polsha), Berlin kinofestivalining ikki karra sovrindori Petro Marchello (Italiya), Venesiya kinofestivalining «Oltin sher» mukofoti sovrindori Aleksandr Sokurov (Rossiya), «Oltin globus» sovrindori Siddiq Barmak (Afg‘oniston/Fransiya), «Oskar» mukofotiga nomzod rejissyor Hassan Nazeri (Buyuk Britaniya), fransuz kinosi yulduzi Sami Naseri, «Oltin burgut» mukofoti sovrindori Aleksey Uchitel (Rossiya), Gruziyada xizmat ko‘rsatgan artist, prodyuser va rejissyor Irakli Kvirikadze, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Yelizaveta Boyarskaya, ROSKINO bosh direktori Yekaterina Naumova, «Tojikfilm» davlat muassasasi direktori Mahmadsaid Shohiyon, «Qozoqfilm» AJ prezidenti Azamat Satibaldi, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi huzuridagi Kinematografiya departamenti direktori Aqjol Bekbolotov, SE-SAM kinoprodyuserlar va ssenariy mualliflari gildiyasi raisi Mehmet Soyarslan (Turkiya) va boshqalar.

Kiritildi: 15:17 06.10.2023. O'qildi: 1353 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!