Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Nomida hech nima bo‘lmasa, qarz qanday undiriladi?

A A A
Nomida hech nima bo‘lmasa, qarz qanday undiriladi?

— Ajrashganman. Sud ikki nafar bolaga aliment tayinlagan. Biroq sobiq erim ijrodan talab qilmagunimcha, aliment bermaydi. Hozir 9 mln. so‘m qarzi bor. Ijrochilarga «Puli bo‘lmasa, mol-mulkidan undirib beringlar», desam, yozma ravishda nomida hech qanday mol-mulk yo‘qligi haqida javob xati keldi. Bilishimcha, nomida mashinasi bor edi. Agar rostdan ham nomida hech nima bo‘lmasa, qarz qanday undiriladi? Undirsa bo‘ladimi o‘zi?
Ismi sir tutildi.

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Abduqodir RAJABOV javob berdi:
— Amaldagi Oila kodeksining 139-moddasiga ko‘ra, aliment qarzi aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan, tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi, mulk huquqining o‘tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.

Undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobvaraqlaridagi pul mablag‘iga va uning boshqa mol-mulkiga qonunchilikda belgilangan tartibda qaratiladi.

Aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv yoki ijro varaqasi asosida o‘tgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar o‘tgan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun undiriladi.

Kodeksning mazkur talabiga ko‘ra, aliment qarzdorligi qarzdorning boshqa mol-mulkiga qaralishi mumkin. Bunda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 47-moddasiga murojaat qilinadi. Unga ko‘ra, undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish qarzdorning mol-mulkini xatlash va majburiy realizasiya qilishdan iboratdir.

Mazkur moddaning 8-bandida qarzdor undiruv birinchi navbatda qaratilishi lozim bo‘lgan mol-mulk turlari yoki ashyolarni o‘zi ko‘rsatishga haqli.

Qarzdor mol-mulkining u yoki bu turiga undiruvni qaratish navbati davlat ijrochisi tomonidan mazkur mol-mulkning likvidligini inobatga olgan holda belgilanadi.

Qarzdorning undiruvchi talablarini qanoatlantirish uchun yetarli pul mablag‘lari bo‘lmasa, davlat ijrochisi o‘z qarori bilan qarzdor hisobvaraqlarining xarajatlar qismini qarz to‘liq uzilguniga qadar qonunchilikda belgilangan tartibda xatlaydi. Bank yoki boshqa kredit tashkiloti qarzdorning pul mablag‘larini xatlash haqidagi qarorni darhol ijro etadi va davlat ijrochisiga qarzdorning hisobvaraqlari rekvizitlari hamda har bir hisobvaraq bo‘yicha xatlangan pul mablag‘lari miqdorini ma’lum qiladi. Ayni bir vaqtda undiruv qarzdorga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulkka qaratiladi, ushbu Qonunning 52-moddasiga muvofiq ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk bundan mustasno.

Mazkur qonun talablariga ko‘ra alimentdan qarzdorlikni undirish va undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish borasida tegishli majburiy ijro byurosining davlat ijrochisiga murojaat qilinadi va davlat ijrochisi yuqoridagi qonun talablari asosida undirish choralarini ko‘rishi mumkin.

Kiritildi: 13:01 14.07.2022. O'qildi: 6170 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!