O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi turkiy oilaning bir-biriga yaqin ikki qardoshidir. Ularning barcha sohalardagi o‘zaro aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda ilm-fan va madaniyatning alohida o‘rni bor.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Jahon yosh turkiy yozuvchilar birligi (DGTYB) raisi, ozarbayjonlik shoir-publitsist Intiqom Yashar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Olimlar va doktorantlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuv institut direktori, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadovning moderatorligi va nutqi bilan boshlandi.
U o‘zining keng qamrovli nutqida O‘zbekiston-Ozarbayjon adabiy-madaniy aloqalarining ahamiyati hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida to‘xtaldi. Tashkil etilgan uchrashuv ham qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalarga munosib hissa ekanini ta’kidladi.
Tadbirda, shuningdek, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Ishonqul, filologiya fanlari doktori, professor Ma’rifjon Yo‘ldoshev, Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi xodimi, filologiya bo‘yicha falsafa doktori Ayten Gurbanova, shoir-tarjimon Faxriddin Hayit, institut doktorantlari va xodimlari so‘zga chiqdi.
Uchrashuv avvalida Intiqom Yasharning ijodi va faoliyati haqida ma’lumot berildi. Uning Jahon yosh turkiy yozuvchilar birligi raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi sifatidagi faoliyati, turkiy dunyo yosh ijodkorlari o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.
Olimlar Jabbor Ishonqul va Ma’rifjon Yo‘ldoshev Intiqom Yasharning ijodi haqida so‘z yuritib, uning ozarbayjon va o‘zbek tillarida nashr etilgan she’rlarini atroflicha tahlil qildilar.
Shundan so‘ng Ozarbayjon-O‘zbekiston adabiy-ilmiy aloqalari, turkiy dunyo ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik, zamonaviy adabiyotni o‘zaro targ‘ib qilish hamda doktorantlar bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Intiqom Yashar o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy va madaniy rishtalar mustahkam poydevorga ega ekanini qayd etib, bugungi kunda tobora rivojlanib borayotgan aloqalar adabiyot va ilm-fan sohalarida ham yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratayotganini ta’kidladi. Shuningdek, DGTYB tomonidan turkiy dunyoning yosh adabiy kuchlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida yoshlar Intiqom Yasharning she’rlaridan namunalar ham o‘qib berdilar.
Tadbir so‘ngida doktorantlarning savollariga javob berildi. Kelgusida DGTYB va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining tegishli ilmiy muassasalari o‘rtasidagi adabiy-ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar, uchrashuvlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.