Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Zulfiqor Musoqov: Prezidentga yuborgan murojaatimning biror so‘zidan qaytmayman! Dalillarim bor

Zulfiqor Musoqov: Prezidentga yuborgan murojaatimning biror so‘zidan qaytmayman! Dalillarim bor

O‘zimni tanishtirishga ruxsat eting – Zulfiqor Musoqov, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, kinorejissyor, "O‘zbekfilm" kinostudiyasining oddiy xodimi. 
Kinorejissyor Zulfiqor Musoqov
Menda ikkita davlatning fuqaroligi yo‘q, butun umr shu yerda yashayapman, farzandlarim chet elda o‘qishmaydi va chet elda uylarim ham yo‘q. Hech qachon shaxsiy muammolarim haqida og‘iz ochmayman – ularni o‘zim qonuniy ravishda hal qilaman. Men hech qachon hech qanday boshqaruv lavozimlarini egallamaganman va egallashni xohlamayman – bu menga kerak emas. Hech qachon jamoaviy xatlarga imzo chekmayman... Kerak bo‘lsa, faqat o‘z nomimdan gapiraman. Va aytgan gaplarimdan aslo tonmayman.
Hammasi 109 kishining (ulardan ba’zilari qo‘ygan imzolarini rad etgan bo‘lsalar-da – bu endi ularning vijdoniga havola), ya’ni – "O‘zbekfilm" DUK studiyasining deyarli butun xodimlari va "O‘zbekmultfilm" DUK, "O‘zbekkino" agentligining ijodiy ishlar bo‘yicha direktorining birinchi o‘rinbosari SH. T. Rizayev, moliya masalalari bo‘yicha Direktor o‘rinbosari N. D. Mahmudov, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi M. Matchanov, o‘nga yaqin kinoijodkorlar faktlar asosida, hech kimni shaxsan haqorat qilmagan holda, Bosh vazirga aniq(konkret) yozilgan xati(murojaati)dan boshlandi. 
Bu maktubga munosabatimni so‘ragan Agentlik direktoriga birinchi bo‘lib bergan maslahatim shunday edi: - Bosh vazirga murojaat qilganlarning hammasini yig‘ib, muammolari haqida har biri bilan alohida gaplashing, ularga quloq soling. 
Bu maktubni imzolaganlarga Facebookda ikki marta ochiqdan-ochiq karantin tugashini kutishlarini, muammolar borligini, 2019 yilni noyabr oyidan beri gapiraverib, tilimga chechak chiqib ketganini va toqatim toq bo‘lganidan bu masala bo‘yicha Prezidentga shaxsan o‘z nomimdan xat bilan murojaat qilishimni aytganman. Va men o‘z gapimda turdim: 29 avgust kuni mamlakatimning fuqarosi sifatida Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatimni olib borib topshirdim, bir vaqtning o‘zida ushbu murojaatni Prezidentning virtual qabulxonasiga jo‘natdim.

15 sentyabr kuni ertalab Buxorodan, yangi filmim epizodlarini suratga olishdan qaytdim va soat 11.30 da pochtachi menga "O‘zbekkino" ish boshqaruvchisi E. Yuldashev tomonidan imzolangan maktubni olib keldi, unda meni 15 sentyabr kuni soat 15.00 da "O‘zbekkino" jamoatchilik Kengashi Majlisiga Prezidentga qilgan murojaatim yuzasidan taklif qilishgan edi. Maktubda shunday yozuv bor edi: agar yig‘ilishga kelmasangiz, sizning masalangiz yopiladi. Lekin buni qarangki, men keldim. Ko‘plab kinematografchilar, ko‘plab xalqaro kinofestivallar g‘oliblari ham menga dalda bo‘lib kelishdi, chunki bu murojaat, avvalo, ularning hayotiy muammolari haqida edi. Meni E. Yuldashev va o‘zini Jamoatchilik Kengashi raisining o‘rinbosari deb tanishtirgan S. V. Irgashev kutib olishdi. E. Yuldashev Jamoatchilik Kengashining yig‘ilishi kecha, 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi... Buni qanday tushunish mumkin? Men Eldor Yo‘ldoshevga xat 2020 yilning 9 sentyabrida mening manzilimga jo‘natilganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdim, nahotki oddiy qo‘ng‘iroq qilishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa?! E. Yuldashev bu xato uchun uzr so‘radi, garchi buning nomi oddiyroq tilda aytganda – g‘arazli, rejalangan ahloqsizlik deb ataladi.

S.V. Irgashev birinchi suhbatda menga yagona va meni haqorat etgan savolni berdi: Rossiya Kino Akademiyasining NIKA mukofotiga olti karra nomzod bo‘lganingiz rostmi? 
Men nima, o‘zimga o‘zim qo‘shimcha unvonlar va mukofotlarni tayinlab, yozdirib oladigan aqli pastga o‘xshaymanmi? S. V. Irgashev javob berdi: o‘zbek kinosi haqida hech narsa bilmayman, hamkasblaringiz shunday deyishyapti.
Mening: bunga kim shubha qilyapti, degan savolimga hech qanday javob ololmadim…

17 sentyabr kuni o‘zini yana Jamoatchilik Kengashi raisining muovini deb tanishtirgan S.V. Irgashev meni 21 sentyabr kuni Kengash yig‘iniga yana bir bor rasman taklif qildi. Men keldim. Yosh va qari kinoijodkorlarim ham uchrashuv xonasiga kirishdi. "O‘zbekkino" Jamoatchilik Kengashi raisi X. Xasanov hamkasblarim chiqishini talab qildi. Yigitlar bu masala barcha kinematografchilarga tegishli ekanligini aytishdi, biroq Jamoatchilik Kengashi a’zolari ularni zaldan chiqarishni talab qilib baqira boshladilar. Bu yerda nima, harbiy sirlar muhokama qilinadimi? Oxir-oqibat, men bizning ishimizga buning zarari bo‘lmasin, deb hamkasblarimdan chiqib turishlarini so‘radim. Bularning barchasi "O‘zbekkino" tomonidan tasvirga olingan. 

"O‘ZBEKKINO" RAHBARIYATINI FOYDASINI KO‘ZLAB, MONTAJ QILINADIGAN USHBU VIDEOROLIK "O‘ZBEKKINO" DIREKTORINING O‘ZIGA QARASHLI KANALLARIDA EFIRGA UZATILMASLIGIGA KAFOLAT YO‘Q. AGAR SHUNDAY BO‘LSA, ISHONMANG – BU NOTO‘G‘RI MA’LUMOT.

Men huquqshunos emasman, lekin oddiy fuqaro sifatida shuni bilamanki, sudda ham sudlanuvchi sudyalarga qarshi chiqish huquqiga ega. Bu yerda esa sud emas va men, Xudoga shukurki, sudlanuvchi emasman. Bundan tashqari, bu – "Fuqarolar va yuridik shaxslarni murojaati to‘g‘risidagi qonun" ning 24-moddasining va Kengashning o‘z nizomi 20-moddasi, 3-iyul, 165a-sonli buyrug‘ining buzilishidir. 

Munozara hujumkor shaklda noxolis xaqoratomuz so‘roqqa aylandi.
Bu yerda umuman kulguli sahna boshlandi: S. V. Irgashev Jamoatchilik Kengashi raisining o‘rinbosari emas,balki ko‘ngilli advokat ekan... Qanday qilib yoshi katta, keksa odam meni ochiqdan-ochiq chalg‘itishga urinishi mumkin?

Jamoatchilik Kengashi tarkibi haqida o‘z fikrimni yozma ravishda bergan edim. Hozir kengash a’zolaridan birining jinoiy o‘tmishi borligini, uncha uzoq bo‘lmagan joylarda 6 yil jazo o‘taganini bilib qoldim. Ularga men ishonishim kerakmi? Men Jamoatchilik Kengashiga mamlakatimiz kino sohasiga o‘z hissasini qo‘shgan juda munosib insonlarni taklif qildim: Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova, Hayrulla Sa’diyev, Bahodir Yuldashev; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rustam, Sa’dullayev, Ra’no Shodiyeva, Farhod Abdullayev; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari Abdurahim Ismoilov, Bahodir Jalolov, Akmal Nur; ko‘plab xalqaro kinofestivallar sovrindorlari, rejissyorlar Jahongir Qosimov, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev, Abduhalil Mingnorov, Nozim To‘laxo‘jayev, Shuhrat Mahmudov, Qahramon Xasanov, aktyorlar Bobur Yo‘ldoshev, Feruza Saidovalar. 

Yoki Kengash a’zolari direktor tomonidan shaxsan unga sadoqat darajasi asosida tanlanganmikin?!

Kengash a’zolaridan birining javobi beixtiyor meni hayratga soldi: nega siz yuqorida nomlari keltirilgan odamlarni munosib, deb o‘ylaysiz?

Jamoatchilik Kengashining ikkinchi a’zosi:
Kino bu biznes, dedi.

Iya? Ularga ishonaymi yoki Prezidentimizni “San’at va biznes hech qachon birga bo‘lmaydi”,- degan gaplarigami?

Savollarga bergan javoblarim so‘ngida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq aytdim:

Kengash raisi X. Xasanovga qanday ishonch bo‘lishi mumkin? Aynan shu kishi bundan ikki yil oldin Badiiy kengashning barcha a’zolari guvohligida, ommaviy tarzda: – "fashistlar urush davrida unchalik ham vahshiylik qilmaganlar", - deya dahshatli va haqoratli gapni aytgan odamga ishonishim kerakmi? Men ishonmayman. Sizchi, ishonasizmi?Oxirgi gapim: Prezidentga yuborgan murojaatimning biror so‘zidan qaytmayman  va istalgan joyda ayta olaman. Hammasiga dalillarim bor! 

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov

Kiritildi: 09:13 23.09.2020. O'qildi: 9792 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!