Islom dinida qabristonga borishdan qaytarilmagan. U yerga borgan inson o‘limni eslaydi, o‘zi ham shu yerga kelishini o‘ylaydi, qilayotgan ishlari, bajarayotgan amallari haqida xayolga cho‘madi. Oddiy qilib aytganda, oxirat haqida o‘ylash bizni sergaklantiradi, har bir qadamimizni o‘ylab bosishga undaydi.
Mazhabboshilardan Imom Shofe’iyning Imom Abu Hanifaning qabrini ziyorat qilish uchun Kufaga kelganligi, Buyuk Imomga hurmat yuzasidan o‘sha paytda barcha amallarni hanafiya mazhabiga binoan amalga oshirganligini ko‘pchiligimiz o‘qiganmiz.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, umumiy qabristonga borishdan tashqari o‘zingiz hurmat qilgan, ixlos qo‘ygan olimlarning qabrini ziyorat qilishda karohiyat yo‘q. Ziyoratga borish asnosida siz o‘sha olimga qandaydir ruhan yaqinlashgandek bo‘lasiz. Lekin buning ham o‘ziga yarasha odobi borki, unga rioya qilmaslik katta gunohlarga, ba’zi o‘rinlarda shirkka ham olib kelayotgani bor gap.
Yaqinda ish yuzasidan Buxoroga safar qildik. Tabiiyki, butun yo‘l bo‘yi tinimsiz gaplashib bo‘lmaydi. Borishda ham, qaytishda radio tingladik. Har gal qandaydir ziyoratgohlar haqidagi eshittirishlarga duch keldik. Ilgari eshitmaganimizdan, u joylarning nomi yodimizda qolmadi. Eslay oladiganimiz u yerlarning suvida o‘zgacha xislat borligi, ichgan odamlarda bo‘ladigan o‘zgarishlar...
Shu lahzada bir narsani tushunib olishimiz shart: Islom faqat qabrlar ziyoratidan iborat emas. Birinchi navbatda iymonning besh shartini bajarish kerak. Ya’ni, dinning o‘zimizga yoqqan joyini ajratib olib, qolganini chetga surishga, yanada yumshoqroq qilib aytganda, e’tiborsiz qoldirishga haqqimiz yo‘q. Kamina yuqorida tilga olingan eshittirishlarni tinglar ekanman, qabriston odobi haqida biror hadis, ulamolar hayotidan jonli misol aytilganini eshitmadim. Avvalo shuni tushuntirish, anglatish kerak emasmikan?
Hozir aksar ziyoratgohlarga borar ekansiz, ajoyib manzara guvohiga aylanasiz. Ko‘p joylarga ayollarning ro‘molda kirishiga targ‘ib qilinyapti, bu yaxshi, albatta. Ammo tizzadan bir qarich baland bo‘lgan, yelkasi ochiq ko‘ylak kiyib, ro‘mol o‘rash chetdan qaraganda juda kulgili tuyuladi, e’tibor berganmisiz? Ularga ko‘zimiz tushmasligi uchun yerga qarab yuraverganimizdan bo‘ynimiz ham qiyshayib qoldi...
Ulug‘ insonlarning qabri yoniga borib, uni tavof qilayotganlar haqida nima deyishni ham bilmaysan kishi. Buning shirk ekanini ulamolarimiz ko‘p bora ta’kidlashganiga qaramay, odamlar bu ishdan to‘xtamayaptilar. Ziyoratgohlar haqida tayyorlanadigan audio va video materiallarda bu haqda hech narsa deyilmayapti. Jo‘n qilib aytganda, gunoh qilasanmi, shirk qilasanmi, o‘zing bilasan, bizga ziyoratgohga kelishing va bu yerda pul sarflashing muhim degandek ish tutilyapti.
Bu gaplar nega yozilyapti? Yil boshidan beri yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni ikki borabarga oshgani haqida xabar qilindi. Hozirda musulmon davlatlarda turistlarni jalb etish bo‘yicha jiddiy harakatlar qilinmoqda. U yerdagilarni bizni Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi Islom olamida katta nufuzga ega bo‘lgan shaxslarning avlodlari deb biladi. Biroq biz hozirgi qilayotgan ishlarimiz bilan ularni hayratga solmaymiz? Sayyohlar o‘z yurtiga ketayotganda buyuk olimlarning vorislari ularga munosib bo‘la olmabdi, shirk botqog‘iga botibdi deb o‘ylamaydimi?
Bizningcha bu borada o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.
Abu HANIFA
Manba: azon.uz