Zino lug‘atda “fujur”, ya’ni fojir, jirkanch ish ma’nosida keladi. Ulamolar zinoga turli hil ta’riflarni berganlar. Ta’riflarning barchasini ko‘rib chiqilganda zinoning umumiy ta’rifi quyidagicha ekanligi mulohaza qilinadi: “Oralarida nikoh bo‘lmagan va nikoh bor deb gumon qilmagan holda, erkak va ayolning bir–birlariga jinsiy qo‘shilishlari zinodir”.
Zino haromdir. U Allohga shirk keltirish, nohaq odam o‘ldirish kabi eng katta gunohi kabiralardan hisoblanadi.
Alloh taolo aytgan: ”Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o‘ldirmaslar va zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar ko‘paytirilur va u(azob)da xor bo‘lib abadiy qolur. Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh mag‘firatli va rahmli bo‘lgan zotdir” (Furqon surasi, 68-70-oyatlar).
Allohning barcha shariatlarida zino harom ish bo‘lib, unga qarshi turilgan, unga qarshi kurashilgan. Samoviy shariatlarning eng oxirgisi shariatimizda ham zinodan qaytarishda, undan ogoh etishda qattiq turilgan. Zero, zino sababli nasablar tartibsiz aralashib ketadi, naslga zarar yetadi, oilalar buziladi, aloqalar uziladi, kasalliklar tarqaladi, shahvatlarga berilib tubanlikka ketiladi, go‘zal axloqlar zavol topadi.
Alloh quyidagicha marhamat qilgan:
“Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir” (Isro surasi, 32-oyat).
Oyatda “zino qilmanglar” deyilmagan, balki “zinoga yaqinlashmanglar” deyilmoqda. Bu degani, “zino qilmanglar”, degandan ko‘ra qattiqroqdir. Mo‘min, musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo‘lamasligi, zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo‘lishi lozim. Ma’lumki Islom biror narsani harom qilsa, unga yetkazuvchi yo‘lni ham to‘sadi va uni taqozo etuvchi barcha vositalarni harom deb e’lon qiladi. Demak zino va unga bog‘liq bo‘lgan fahshning har qanday ko‘rinishi mutlaqo haromdir! Zinoning haromligini Alloh zinodan uzoqda bo‘luvchilarni madh qilganidan ham bilib olish mumkin.
Alloh aytadi: ”Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu’ qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir. Ular zakotni ado qilguvchilardir. Ular farjlarini saqlovchilardir. Magar o‘z jufti halollari va qo‘llarida mulk bo‘lganlardan (saqlamasalar), albatta, ular malomat qilinuvchi emasdirlar. Kim ana shundan boshqani talab qilsa, bas, ana o‘shalar tajovuzkorlardir” (Mo‘’minun surasi, 1-7 oyatlar).
Alloh ushbu oyatlarda mo‘minlarning eng asosiy sifatlarini zikr qilganda mo‘min va mo‘minalarlar o‘z farjlarini harom ishlardan saqlashlarini aytgan. Oyatga binoan kim iffatini saqlamasa mo‘minligining katta qismini yo‘qotgan va ulug‘ boylikdan ajragan bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham zinoning haromligi ta’kidlanib, halok etuvchi gunohi kabiralardan deb sanalgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kusuf (quyosh tutilganda o‘qiluvchi) namoz vaqtida minbarda turib: “Ey Muhammad ummati, Allohga qasamki, Uning erkak yoki ayol bandasi zino qilganida Allohdan ko‘ra rashkliroq hech kim yo‘q! Allohga qasamki men bilganlarimni bilganingizda edi, kam kulib ko‘p yig‘lagan bo‘lar edingiz!” dedilar, so‘ngra qo‘llarini ko‘tarib:”Allohim (omonatni) yetkazdimmi?!” dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisdan ma’lum bo‘lishicha Allohdan ko‘ra rashkliroq hech zot yo‘q ekan. Albatta rashk Islomda maqtalgan xislatlardan. Bandalari zino qilganlarida ham Alloh ularni rashk qilar ekan. Agar bandalar Alloh haqida, oxiratdagi hisob–kitob haqida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilgan narsalarini bilganlarida edi, zinodan chetlanish u yoqda tursin, balki kam kulib ko‘p yig‘laydigan, Allohni hech vaqt yodidan chiqarmaydigan bandalardan bo‘lar edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Banda zino qilganda undan iymon chiqib boshining ustida soyabon kabi bo‘lib turadi. Chetlangach iymon unga qaytadi” (Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).
Iymon va uning sababidan bo‘luvchi hayo bilan zino hech qachon birga bo‘lmaydi. Zino qilgan odam musulmonlikdan chiqmasa ham iymonsizlarning amalini bajargan bo‘ladi. Ammo kimki zino qilish halol deb tasdiqlasa, shubhasiz kufrga ketgan bo‘ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
“Qaysi bir xalqda fahsh tarqalsa, hatto uni e’lon qilsalar, ularda ota–bobolarida bo‘lmagan o‘lat (infeksion kasallik) va yuqumli kasalliklar tarqaladi” (Ibn Mojja va Hokim rivoyatlari).
Islomda qaysi bir amal insonga va insoniyat jamiyatiga moddiy yoki ma’naviy zarar keltiradigan bo‘lsa, albatta u harom qilingan. Zino ham odamlarga moddiy va ma’naviy zararlar keltiradi va ular orasida turli hil oldin kuzatilmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi. Albatta bunga hamma guvohdir. Zinoning harom deb e’lon qilinishi va unga qarshi kurashishning hikmatlaridan biri ham shudir. Yana bir uzun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkak va ayol zinokorlar qiyomatgacha qabrlarida azoblanayotganlarini ikki farishta hamrohligida ko‘rganlarini aytganlar:
“...Biz yana yurdik va og‘zi tor, tubi keng bo‘lgan tandirga o‘xshash narsaning oldiga keldik, uning ichidan ovozlar, baqir–chaqir eshitilar edi. Biz unga qaradik. Uning ichida yalang‘och erkak va ayollar bo‘lib ularning tagidan alanga kelib ularni yuqoriga otardi. Men: ”Ey Jabroil bular kimlar?” deb so‘radim. U: ”Bular zinokor erkak va ayollar” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Albatta harom narsalarnigina uqubati shu ko‘rinishda bo‘ladi, zino esa eng katta harom amallardandir.
Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlar uchun eng qo‘rqadigan narsalar yo‘ldan uruvchi shahvatlar, qorin shahvatlari, farj shahvatlari va zalolatga ketkazuvchi fitnalar” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadisda ham mo‘min odam chetlanishi shart bo‘lgan amallar haqida so‘z bormoqda. Zinoga yetaklovchi farj shahvati Alloh roziligini topaman degan inson uchun taqvodor bo‘lishi yo‘lida katta to‘siqdir. Bu to‘siqni oshib o‘tish farj shahvalarini Islom ruxsat bergan ko‘rinishda qondirgan holdagina mumkin bo‘ladi.
Islom ulamolari va Islom ummati zinoning haromligini tasdiqlaydilar. Zinoning o‘zi, unga ta’alluqli ishlar barcha ko‘rinishlarida butkul harom ekaniga ijmo’ qilingan.
Afzal Abror tarjimasi
Manba: islom.uz