Yo‘tal mustaqil kasallik hisoblanmay, boshqa kasallikning bir belgisi sanaladi. Asosiy kasallikni davolash orqali yo‘taldan ham qutulish mumkin. Yo‘tal – organizmning tashqi muhit ta’sirlovchilariga nisbatan himoya reaksiyasidir.
Yo‘tal balg‘amli va balg‘amsiz, o‘tkir va surunkali bo‘ladi. O‘tkir balg‘amli yo‘talga o‘tkir bronxit, pnevmoniya sabab bo‘lsa, o‘tkir balg‘amsiz yo‘talga yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi, allergik rinit, o‘tkir sinusit, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasi, yurak astmasi, quruq plevrit, tashqi otit, perikardit, pnevmotoraks, yot jismning nafas yo‘llariga ketib qolishi sabab bo‘ladi.
Surunkali balg‘amli yo‘talga esa surunkali bronxit, bronxoektatik kasallik, bronxial astma, bronxlar raki, mukovissidoz, yurak chap qorinchasi yetishmovchligi olib keladi. Surunkali balg‘amsiz yo‘tal GERB (gastroezofageal reflyuks kasalligi), burun-tomoq yallig‘lanish kasalliklari, o‘pka interstisial kasalligi, APF ingibitorlari qabul qilish, nerv-ruhiyatga bog‘liq tarzda, ko‘ks oralig‘ida hajmli hosilalar bo‘lganida, ko‘k yo‘tal kasalligida rivojlanadi.
Yo‘talning 14 kundan ortiq davom etishi, tana harorati oshishi, kuchli charchoq his etish, terlash, ko‘krak qafasida og‘riq sezish xavfli sanaladi.
Ko‘rinib turibdiki yo‘talning sabablari turlicha va orasida jiddiy sabablar ham anchagina. Shuning uchun yo‘tal bo‘lgan holda uyda o‘tirmay, shifokorga murojaat qilish zarur.