Ona tilini sevmagan, so‘zlariga mahliyo bo‘lmagan, hayratlanmagan shoir shoirmi?
Tongda shudring yuvgan maysalardek pok, duoga qo‘l cho‘zgan teraklar misol savlatli, o‘zbekning o‘zidek qadimiy tilim. Bugun sen bilan tillashgim keldi. Madhingga ash’or bitgan shoirlarning tantiligidan so‘z ochgim keldi.
Sen qatrasiga quyosh joylagan qaynoq tilimsan. Donishmand xalqim zakovatini har bandiga qo‘shib «irsoli masala»ga aylantirgan Lutfiy tilisan. O‘sha olis tarixlarda Navoiy bobom e’zoz etib ko‘klarga ko‘targan qutlug‘ tilsan.
Atoyining «aybg‘inasi bor» qofiyasida o‘z jozibasini ko‘rsata olgan sehrgarsan.
Bobur Mirzo yurtidan badarg‘a bo‘laganida unga so‘nggi nafas qadar hamroh bo‘lgan sadoqatli do‘stsan.
Mashrab nolalarini asrlardan olib o‘tganim, Yassaviy hikmatlarida jahon kezganim, Nodirabegim, Uvaysiylar tilida alla bo‘lib jaranglaganim, millat onalarining zabonisan.
Abdulla Qodiriy muhabbatning o‘tli torlarini sen orqali ko‘rsatib bergan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom hech qaysi millatda topilmaydigan sof o‘zbekona hazillarini sening yordamingda ifodalab bera oldi.
Cho‘lpon yuragida gul bo‘lib unding, Oybek tildan qolganida qalbida turib so‘zlading.
20-asr – mustamlaka asri bo‘lgani hech bir o‘zbekka sir emas. Millatning o‘zligini yo‘qotish uchun uning tilini yo‘qotish kerakligi ham barchaga ayon haqiqat. Sobiq Ittifoq qilich qayragan damlarda ham kuylay olgan o‘zbek shoirlariga tasanno. Beixtiyor tuyg‘ularimni she’rda ifodalagim keldi.
Shayxzodadek zakiy shoir senda bitdi durdonalar,
Mirtemirdek daholaring bo‘ldi ming bor parvonalar,
Tomirimda oqqan qonim tiriklikdan nishonalar,
Men quyoshman, sen tufayli zaminda bir parchamasman,
Sen onamning tilidirsan, seni tildan tashlamasman.
Bahor chog‘i hayqirib toshayotgan daryolar arslon yanglig‘ arillagandek, qorli tog‘lar jilosi cho‘ponlarning qamish baytida aks etgandek, childirmaning darillashida Go‘ro‘g‘lining alp siymosi ko‘ringandek, Alpomishning da’vosidan tug‘ilgandek tuyuladigan ona tilim. Mirtemir bobom senga shunday go‘zal ta’rif bergan. «Ona tilim» she’rini o‘qir ekanman, ko‘z oldimdan yovqur bobolarim, har so‘ziga maqol qo‘shib gapira oladigan zargar momolarim timsoli o‘taveradi. Negadir o‘zbekning asov tulporlari ham o‘zbekcha so‘zlab ketadi. Rauf Parfining «Ona tilim» she’rini o‘qiganimda esa, ko‘z oldimga dunyolarni tiriltirishga qodir So‘z keladi. Juda qadim tarixga borib taqaladigan tilimizni oltin dalalariga, o‘zbek tilida alla aytib sochqi sochayotgan oftobga o‘xshatadi.
O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ona tilimizni uch daryodan suv ichgan dengizga qiyoslaydi.
Muhammad Yusuf – o‘zbekning erka shoiri. «Ona tilim» deb she’r yozganida ham erkalanib yozadi. Unga yetarli darajada xizmat qila olmagani uchun kechirim so‘raydi, ona tilisi qaytgan kunini o‘zining tug‘ilgan yili deb hisoblaydi, demak, qolgan umri sarobdek kechganini tan oladi.
«Ona tilim» deb she’r yozgan yana bir shoir Mahmud Toir millat tilini ta’riflar ekan, uning qadrini qayroqqa, yor ta’rifini qaymoqqa, yov yuragiga titroq solgan so‘zlarni Alpomish belidagi belboqqa qiyoslaydi.
Mustaqillik davrida ijod qilayotgan shoirlarga havasim keladi. Ona tilim deganida o‘pkasi to‘lmasa, Ona tilida she’r yozsa yuraklarni titratib yubormasa, yozganidan o‘zi ham, o‘zga ham hayratlanmasa, shoir shoirmi? Azim Suyun «Ona tilisi yo‘q xalq – chirog‘i o‘chiq xalq», deydi. Darhaqiqat, til millatning millatligini belgilab beradigan ko‘zgu. Ona xalqim, hech qachon chirog‘ing o‘chmasin.
Salxodjayeva Feruza Bahodirovna.
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
248-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi.