Ayni kunlarda Rossiya Federasiyasining Ufa shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijodiy va ilmiy ziyolilarining XVII forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumda O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov boshchiligidagi delegasiya ham ishtirok etmoqda.
Bugun, 17-centyabr kuni ushbu forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Shuningdek, O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov ham ushbu forum ochilishida nutq so‘zladi.
«Madaniyat xalqlar va jamiyatlarni an’ana va qadriyatlar turlichaligidan qat’i nazar birlashtiradi. U chegaralarga ega emas, uning tili universal va hammaga tushunarli. Madaniy muloqot haqida gapirganimizda, biz farqlarni tushunish va hurmat qilish, shuningdek, umumiy yondashuvlarni topish imkoniyati haqida gapiryapmiz.
Har bir Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakati o‘zining noyob madaniy merosiga ega, bu esa bizning umumiy madaniy kodimizni boyitadi. Musiqadan va adabiyotdan to an’analar va urf-odatlar — bularning barchasi bizning o‘zaro idrokimizni shakllantiradi va yagona madaniy makon yaratishga hissa qo‘shadi»,
- dedi vazir o‘rinbosari.
Ochilish marosimi doirasida yalpi majlis tashkil etilib, Gumanitar hamkorlik davlatlararo fondi tomonidan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga «Hamdo‘stlik yulduzlari» mukofoti taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida, 17-centyabrda o‘z ishini boshlagan forum 19-centyabrga qadar davom etadi.