Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Yo‘ldoshing loqayd bo‘lsa, yo‘lning ravonligi bekor

A A A
Yo‘ldoshing loqayd bo‘lsa, yo‘lning ravonligi bekor

Jaynoq mushtumzo‘r bo‘lib ulg‘aydi. Har ishni kuch bilan hal etishga intilgani, spirtli ichimlik ta’sirida yurishni xush ko‘rgani sabab qishloqdoshlari uni ko‘rsa chetlab o‘tadigan bo‘ldi. Yigitni yaqinlari to‘g‘ri yo‘lga sola olishmadi. Ulg‘aysa, uylansa bosilishiga umid qildi.

Uylantirishdi, ammo bolalikda to‘g‘ri tarbiya olinmasa, ko‘p hollarda fe’l o‘zgarmas ekan. Yomon tomoni Jaynoq endi zahrining bir qismini sho‘rlik xotiniga sochar, arzimas xato, noo‘rin so‘z ayolning kaltaklanishi bilan tugardi. Arofat adashganligini tushundi. Ammo endi kech bo‘lgan, boshini qaysi devorga urishni bilmasdi.

Betartib, janjalli xonadonga kunlarning birida Arofatning ukasi Miryoqub kelib qoldi. Opasiga ichi achidi, g‘ururi ezildi. Pochchasiga tik qaradi, ovozini balandlatdi. Jaynoqqa bu muomala yoqmadi, so‘kindi, “yo‘qol” dedi. Mehmonning yoqasidan olishga haddi sig‘madi – hayiqdi. Lekin stol ustida turgan pichoqni ko‘rib olovlandi, Miryoqubga tashlandi...

Qaynisining qotiliga aylangan Jaynoq 10 yildan oshiq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Arofat ota uyiga ketdi. Mash’um dargohga boshqa qaytmadi.
 

***


Jaynoq qamoqning so‘nggi yillarini o‘tayotganida jazo axloq tuzatish ishlariga almashtirildi. U uyiga qaytganida qaysidir qishloqdoshi mushtumzo‘rning aqli kirganligiga umid bog‘ladi, yana boshqasi bukrini go‘r to‘g‘rilaydi, dedi.

Yaqinlari yana Jaynoqni uylab qo‘yish tashvishiga tushib qoldilar. Zora, yangi oiladan baxt topsa. Ammo qishloqdoshlari uning nomini eshitishi bilan sergak tortar edi. U bo‘ldi, bu bo‘ldi yaqin-orada unga qiz beradigan topilmaydi.

Shunda qo‘shni viloyatga kelin bo‘lib ketgan qarindoshi unga mos ayol borligini aytib qoldi. Shu tariqa Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani “Oqtosh” qishlog‘idan Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Lalmikor shaharchasida yashovchi Sojidaga sovchi keldi. Sovchilardan kuyov bo‘lmishning kimligini surishtirdilar. Bildirildiki, yigit uylangan, karate mashqi davomida birovni bexosdan tepib o‘ldirib qo‘ygach, qamalib ketgan. Turmush o‘rtog‘i esa uni kutmasdan qayerlargadir ketgan. Ayni vaqtda kuyov bo‘lmishning katta xolasi o‘lim to‘shagida ekan, shuning uchun to‘yni tezroq o‘tkazib yuborishsa, yaxshi bo‘larkan.

Javob va sabab Sojidaning qarindoshlarini qoniqtirdi. Nima bo‘lsa ham shu qiz uyli-joyli bo‘lsa, bas. Baxtini shuncha yil kutdi, axir. Hech kim yigitning qishlog‘iga borib surishtirishni o‘ylab ko‘rmadi, shunday qilishsa, to‘y to‘xtab qoladigandek edi...
 

***


Hammasi tezlashib ketdi. Jaynoq va uning qarindoshlari nikohni o‘qish borasida qishloq imomiga borishdi. Imom qoidaga muvofiq FHDYoda nikohdan o‘tilganligini tasdiqlovchi hujjatni so‘radi. Unga FHDYoga ariza topshirilganligini, bir oydan so‘ng “o‘sha qog‘oz” ni berishlari, ammo Jaynoqning buncha vaqt kutish niyati yo‘qligini, qiz tomon ham to‘yning tezroq o‘tkazilishi tarafdori ekanligini aytib, yalinishdi.

Imom qanday qilib qishloqdoshlariga rozilik berganini bilmay qoldi. Jaynoqning burniga suv kirib, aqli to‘liqqandir, deb o‘yladimi yoki bir yomonning taqdirini yaxshi tomonga o‘zgartirishga umid qildimi, o‘zi ham bilmay qoldi. Qolaversa bu yoqda tengdoshi — Jaynoqning akasi iltimos qilib turibdi.

Bu ishlaringda noto‘g‘ri narsani sezsam, nikohni o‘qimayman, dedi rozi bo‘lish avvalida imom. Qizning yaqinlarida zarracha norozilik sezilmadi. Kelin tomon “Biror gap bo‘lsa, imomda da’vom yo‘q”, degan mazmunda xat ham qoldirdi.
 

***


Ular shar’iy nikoh bilan kelin tomon – Lalmikorda yashay boshladi. Axloq tuzatish jazosini o‘tayotgan Jaynoqning ro‘yxatdan o‘tgan joyida emas, boshqa hududda istiqomat qilayotganidan na profilaktika inspektorlari, na mahalla faollari xabardor edi.

Boqimanda, kunda-kunora qo‘liga erk berib, janjal ko‘taradigan kuyovning asli qandayligi ayon bo‘lishi uchun ko‘p vaqt ketmadi. Jaynoq ko‘pincha fe’li aynishi bilan Bulung‘urga – qishlog‘iga jo‘nab qolardi. Ana shunday qiliqlarning birida Sojidaning tilla taqinchoqlari yo‘qolib qoldi.

Eridan gumoni bor ayol esa bu haqda hudud profilaktika inspektoriga xabar berdi. Inspektor mahalla faollari bilan kelib, masalani surishtirgan bo‘ldi. Bu paytda Jaynoq o‘z qishlog‘ida hech narsa bo‘lmagandek yurardi. Inspektor biroz o‘ylanib: “Kuyovingiz kelsa... xabar berarsiz”, degancha ketdi.
 

***


Aslida inspektor shaharchada ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayotgan Jaynoqning kimligi bilan qiziqishi, ishga Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani, “Oqtosh” qishlog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasbini jalb etishi kerak emasmidi?

Kuyov Lalmikorga qaytib keldi. Uyda yana janjal ko‘tarildi, kundalik masalalar qatoriga tilla taqinchoqlar ham qo‘shilgani uchun ayolning ortga qaytish niyati yo‘q edi. Yiqilsa ham oldinga yiqiladigan er bo‘sh kelmasligi tayin. Jaynoq g‘azab, do‘q, musht bilan Sojidaning ovozini o‘chira olmasligini tushundi va yana pichoqdan “imkon” qidirdi.

Yana ichki ishlar va tez yordam mashinalarining chinqirig‘i yangradi...

Bir necha joyidan pichoqlangan Sojida tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi, Jaynoq esa ichki ishlar bo‘limiga olib kelindi.

Jinoyatga jazo muqarrar, lekin shifoxonada sog‘ayib ketish uchun kurashayotgan Sojida Jaynoqning navbatdagi qurboniga aylanishi mumkin ediku.

Yuqorida keltirilgan jinoyat ishi bo‘yicha barcha ism-familiyalarni o‘zgartirgan holda keltirishni joiz topdik.

Bu voqea barcha yomonliklarning boshi beparvolik va beg‘amlik ekanini yana bir bor yodimizga soladi.

Lalmikor sanoat kasb-hunar kollejida mazkur jinoyatning muhokamasi bo‘lib o‘tganda barcha yomonliklarning boshi beparvolik va beg‘amlik ekanini yana bir bor yodga olindi.

G‘allaorol tumani hokimligi, viloyat va tuman ichki ishlar idoralari vakillari, sud va prokuratura mas’ullari, hududdagi mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etgan tadbirda bu kabi holatlarning boshqa takrorlanmasligi uchun barcha yon-atrofida bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmasligi, bir bolaga yetti mahalla mas’ulligini yoddan chiqarmay hamjihatlikda ish tutish lozimligi ta’kidlandi.

Yuqorida keltirilgan holat bo‘yicha Jinoyatning oldini olish choralarini ko‘rmaganligi uchun profilaktika inspektori va mahalla faollariga tegishli choralar ko‘rilishi bildirildi.

Shu kuni kollejda noqonuniy nikohni o‘qigan qishloq imomi sud qilindi. Qilmishi uchun diniy idora vakiliga eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida jarima tayinladi.

 
 
Abulqosim AHMEDOV, 
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi
axborot xizmati rahbari.

Manba: uza.uz
Kiritildi: 22:15 27.07.2018. O'qildi: 2621 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik