Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Yaqin yillarda qaysi davlatlar butunlay suv ostida qoladi?

Yaqin yillarda qaysi davlatlar butunlay suv ostida qoladi?

Olimlarning so‘zlariga qaraganda, ayrim orollar suv ostida qoladi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhining hisobotlariga ko‘ra, atmosferadagi parnik gazlari konsentrasiyasi yil sayin yuqori darajaga ko‘tarilmoqda.

Buning natijasida Antarktida, Arktika va Grenlandiya muzliklari eriy boshlaydi va jahon okeanlarining suvlari asta-sekin isiydi va ularning sathi ko‘tariladi. Turli taxminlarga ko‘ra, 2100 yilga borib dengiz sathi hozirgidan 0,5-2 metrgacha ko‘tariladi. Bu o‘z navbatida ko‘z o‘ngimizda bir qator mamlakatlarning suv ostida qolishini anglatadi.

Tahlilchilarning fikricha, birinchilardan bo‘lib suvostiga Tinch va Hind okeanlaridagi orol-davlatlar sho‘ng‘iydi . Bu orol-mamlakatlarning butunlay bo‘lmasa-da, qisman, ayniqsa sayyohlarga mo‘ljallangan inshootlari, infratuzilmalari joylashgan qismi suv ostida qolishi aytilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhining hisobotida Yer yuzidagi global suv ostida qolish ehtimoli bo‘lgan mintaqalar haqida ma’lumot berilgan. Ma’lumotda Marshall orollari, Kiribati Respublikasi, Tuvalu, Tonga, Mikroneziya Federativ Shtatlari, shuningdek, Kuka, Atigua, Nevis va sayyohlarning sevimli maskani bo‘lmish Maldiv orollarining suv ostida qolishi ta’kidlab o‘tilgan.

Tahlilchilar Maldiv orollari yana 50 yildan so‘ng butunlay suv ostida qolishini bashorat qilmoqda. Bu orol 20 ta atolla, 1192 ta kichik orolchalardan iborat. Maldiv Respublikasi hukumati har yili sayyohlikdan tushadigan daromadlarni yangi yerlar sotib olishga mo‘ljallangan maxsus jamg‘armaga yo‘naltiradi. Zahiradagi vatan sifatida Hindiston va Shri-Lankaga tegishli hududlar ko‘rilmoqda. Chunki bu ikki mamlakat xalqlarining urf-odati, madaniyati va turmush tarzi Maldiv aholisinikiga o‘xshab ketadi.

Kiribati Respublikasidagi 33 ta atollaning 32 tasi suv ostida qolishi aniq ekani aytiladi. Ekspertlarning aytishicha, 2050 yilga borib bu orollar hayot kechirish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi. Kiribati rasmiylari 2010 yildan boshlab tashvishga tushib qolganini ochiq-oydin aytar ekan, yuz mingga yaqin aholi uchun yangi yer qidirmoqda. Hukumat bir necha yil avval qo‘shni Fidjidan yer sotib oldi, ayni damda Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan mazkur masala yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Biroq mamlakat aholisi o‘zlarining kindik qoni to‘kilgan vatanlaridan bosh olib chiqib ketishni istamayapti. Bu kabi insonlar uchun B rejasi ishlab chiqilgan. Bunga ko‘ra okeanda sun’iy orol yaratish ko‘zda tutilgan. Yaponiyaning Shimizu Corporation kompaniyasi yangi suniy yer yaratish borasida loyiha ishlab chiqdi. Bu loyihani hayotga tatbiq etish uchun 2 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu kabi mablag‘ Kiribatida yo‘q. Shu sababli mamlakat hukumati ko‘mak so‘rab jahon hamjamiyatiga murojaat qildi.

Jahon okeanlari kichik yoki katta davlatlarga qarab o‘tirmaydi. Xavf nafaqat orol davlatlarga, balki Yevropadagi gullab-yashnayotgan mamlakatlarga ham yaqinlashmoqda. Olimlar bu borada Gollandiyani nazarda tutishadi. Delft texnologik universiteti olimlari bundan bir necha yil muqaddam bong urib, Niderlandiyaning suv ostida qolishi muqarrar ekanini aytishgan va aholini xavfsiz joyga ko‘chirish taklifini bergan edi. Bashoratlarga ko‘ra, Kopengagen, Antverpen, London va Venesiya ham suv ostida qolish xavfi bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Italiyaning mashhur Venesiya shahri 2028 yilga borib yashash uchun yaroqsiz holga keladi va 2100 yilda butunlay suv ostida qoladi. Bunga okeanning quruqlikka hujumi bilan bir qatorda insonlarning xo‘jalik faoliyati ham sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda shaharda suv toshqinlari odatiy holga aylangan. Masalan bundan yuz yil avval San-Marko maydoni bir yilda 9 marta suv toshqini bilan to‘qnash kelgan bo‘lsa, bugun yiliga yuz marta suv toshqini kuzatilmoqda. 1966 yilda yuz bergan suv toshqinidan keyin Italiya hukumati hushyor tortib, Venesiya muammosi bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildi. Ayni damda shaharning tarixiy qismi yaqin yillar ichida vayron bo‘lishi mumkin, degan xavotirlar aytiladi.

Osiyoda Bangladesh, Bangkok, Mumbay va Xitoyning sohil mintaqalari suv ostida qolishi ehtimoli haqida ogohlantirilmoqda. Tailand poytaxti Bangkokni kelajakda noxushliklar kutmoqda. 5 million 600 ming aholi istiqomat qiluvchi bu shahar 2050 yilga borib butunlay suv ostida qolishi mumkin.

Afrika qurg‘oqchilik girdobida qolgani haqida ko‘p gapiriladi. Biroq bu qitaga ham suv toshqinlari xavf solmoqda ekan. Ayniqsa, Gambiya poytaxti Banjul suv toshqinlari bilan to‘qnash keladigan birinchi shahar ekani aytiladi. Okean sathi ko‘tarilishi xavfi bois hukumat hozirdanoq sohil bo‘yini mustahkamlashga kirishmoqda. Sohil hududlarini yo‘qotish Gambiyaga juda ham qimmatga tushadi. Chunki mintaqada sholizorlar, baliqchilik markazlari va sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylar joylashgan. Forbes jurnali Banjul shahrini 2100 yilgi arvoh shaharlar ro‘yxatiga kiritdi.

Bundan bir necha yil muqaddam Avstraliya olimlari e’lon qilgan hisobotda Avstraliya iqlimi jahonning boshqa mintaqalariga qaraganda tezlik bilan o‘zgarayotgani ta’kidlanadi. Shu sababli ham bu mamlakatning suv ostida qolish xavfidan ogohlantirilmoqda. Yildan-yilga sohilga to‘lqinlar hujumi ko‘payib bormoqda. Suv toshqinlari vayronagarchiliklardan darak berishi aytilmoqda. Mamlakatning 80 foiz aholisi istiqomat qiladigan maydonlar suv ostida qolishi ehtimoli bor.

Amerika olimlari bir necha bor mamlakatning bir qator shaharlari, jumladan Nyu-York, Yangi Orlean va Los-Anjeles tahdid bilan to‘qnash kelishidan ogohlantirib keladi. Climate Central tashkiloti tadqiqotchisi Benjamin Strausning aytishicha. okean orti mamlakati dagi Florida, Luiziana, Kaliforniya, Nyu-Jersi, Shimoliy Karolina shtatlarida joylashgan1400 shahar xavf ostida ekan. Olimlarning aytishicha, Lotin Amerikasidagi Urugvay va Paragvay, shuningdek Argentina poytaxti Buenos-Ayres ham suv ostida qolishi mumkin. Buenos-Ayres viloyatidagi 30 yildan beri suv ostida qolib kelayotgan Lago-Epekuen shahriga Yangi Atlantida nomi berildi. Eslatib o‘tamiz, mahalliy Epekuen ko‘liga qurilgan to‘g‘onning 1985 yilda yog‘ingarchilik tufayli buzilishi natijasida bu shahar suv ostida qolgan edi. Fojia vaqtida shaharda 5000 kishi istiqomat qilardi. Shahar asta-sekinlik bilan cho‘kkani bois odamlar o‘z vaqtida xavfsiz joyga chiqib olishga ulgurdi.

Jahondagi bu kabi xavf-xatarlarni tahlil qilar ekanmiz, xalqimizning suv balosidan o‘zi asrasin degan gaplari yodga tushadi. Tabiatni asrash kerakligi borasidagi nasihatlar ham bejiz aytilmaganiga yana bir bor ishonamiz.

Manba: O‘zA

Kiritildi: 15:21 05.01.2019. O'qildi: 11881 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!