Yaponiyaning ilg‘or ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Kioto shahridagi ATR Computational Neuroscience laboratoriyasi inson ongining eng sirli jabhalaridan biri — tushlar olamiga kirish yo‘lini ochuvchi texnologiyani ishlab chiqdi.
Bu texnologiya orqali inson miyasi faoliyati asosida ko‘rilgan tushlarni yozib olish va vizual shaklda qayta tiklash imkoniyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur texnologiya nevrologiya, sun’iy intellekt va tasvirlarni qayta ishlash sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarga asoslanadi. Tizim ishlashi davomida inson miyasining faoliyati magnit-rezonans tomografiyasi (MRI) yordamida kuzatilib, tush paytida paydo bo‘ladigan vizual signallar maxsus algoritmlar orqali dekodlanadi. So‘ngra ushbu ma’lumotlar asosida ko‘rilgan tushning taxminiy vizual tasviri tiklanadi.