Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Yapon olimlari xavfli kasallikni erta bosqichda aniqlash yo‘lini topdi

Yapon olimlari xavfli kasallikni erta bosqichda aniqlash yo‘lini topdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har 3 soniyada bir kishi Alsgeymer bilan kasallanadi. Hozirgi vaqtda sayyoramiz bo‘yicha 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikka chalingan. Ammo bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 65 milliondan oshishi mumkin.

Alsgeymer — demansning eng keng tarqalgan turi. U ko‘proq keksa yoshli insonlarda asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, aqliy qobiliyat pasaya borishi bilan namoyon bo‘ladi.

Shunga qaramay, mutaxassislar agar bu dard bir yil oldinroq aniqlansa, uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan nogironlik 5 yilga qisqarishi mumkin, degan xulosada.

Ana shu omillarni hisobga olib, yapon olimlari demansning yashirin alomatlarini erta aniqlash borasida tadqiqotlar olib borishdi.

To‘g‘ri, buni ilg‘ash uchun keksa odam xatti-harakatlaridagi aqliy faoliyat bilan bog‘liq o‘zgarishlarni kuzatish yetarli. Ammo demansga xos mazkur simptomlar qayd etila boshlagan davrda, kasallik ancha ilgarilab ketgan bo‘ladi.

Yaponiyaning Shinshu universiteti olimlari xastalikni erta aniqlashga doir bir alomatni topdi. Ma’lum bo‘lishicha, qomat qiyshayishi, ya’ni bosh va bo‘yin tos suyagiga nisbatan qanchalik oldinga cho‘zilib chiqqan bo‘lsa, kognitiv buzilish shunchalik rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Lo‘nda qilib aytganda, bu o‘rinda kognitiv funksiyaning pasayishi sagittal-vertikal o‘qning oldinga siljishi bilan baholanadi.

“Agar bu holat qayta tiklanadigan bosqichda aniqlansa, demansning oldini olish mumkin”, — deb ta’kidlaydi olimlar. Qolaversa, jismoniy mashqlar orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Kiritildi: 16:56 14.06.2022. O'qildi: 1946 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!