Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilishi ishlar sifatsiz bajarilgani uchun to‘xtatildi. Binoning ayrim qismlarida g‘isht mustahkam terilmagani aniqlangan.
Bu haqda Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Kamolot ko‘chasidagi ob’ekt “Saidazim ota” MCHJ tomonidan qurilayotgan bo‘lgan. 8 qavatli, 48 xonadonga mo‘ljallangan binoning qurilish-montaj ishlari qurilish talablariga zid ravishda bajarilgan. Ajratma devorlarda g‘isht terishda belgilangan ko‘rsatkichlarga amal qilinmagan. G‘isht terish jarayonlarida qurilish setkalaridan foydalanilmagan. Bu esa ob’ektda texnik va ichki nazorat ishlamaganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berilgan va ular ma’muriy jarimaga tortilishi belgilangan. Bino texnik tekshiruvdan o‘tkazilgunga qadar qurilish ishlari to‘xtatildi.