O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetiga kirishi imtihonlarida tarix fani bo‘lmaydi. Bu haqda universitet matbuot kotibi Kamola Yusupova O‘zAga ma’lum qildi.
«Eng katta yangilik bu — ikkinchi blokdagi tarix fani olib tashlanib, o‘rniga ijodiy imtihon qo‘yilganidir», degan u.
Ma’lum bo‘lishicha, ijodiy imtihonlar ikki bosqichda – birinchi bosqichida soha mutaxassislari ishtirokida og‘zaki suhbat o‘tkazilsa, keyingi bosqichda esa abituriyentlar berilgan topshiriq bo‘yicha ijodiy ish yozishlari talab qilinadi.
Ijodiy imtihonlarda jurnalistika sohasini tanlagan abituriyentning nutqi ravonligi, fikrining aniq va lo‘nda bildira olishi muhim omillardan biri sifatida qaraladi.
Ijodiy imtihonning umumiy bali 63 ball (2.1x30). Imtihonning og‘zaki sinoviga eng yuqori – 26 ball qo‘yilishi belgilangan bo‘lsa, yozma imtihon uchun 37 ballgacha baholanadi. Yozma imtihonda abituriyentning muayyan bir mavzuni qanchalik mohirona yoritib bera olish salohiyati sinovdan o‘tkaziladi.
Bu yilgi ijodiy imtihonlar ikki kun – 17-19 iyul kunlari o‘tkaziladi. Birinchi kuni og‘zaki imtihon bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, shu kungacha Jurnalistika fakultetlariga kirish uchun abituriyent Ona-tili, tarix va chet tili fanlari va ijodiy imtihondan o‘tishi kerak bo‘lardi. Endilikda kirish imtihonlarida ijodiy imtihondan tashqari, ona tili va chet tili fanlaridan testlar bo‘lib o‘tadi.