2020-2021 yangi o‘quv yilidan boshlab respublikamiz bo‘yicha 65 ta akademik liseylar, 339 ta kasb-hunar maktablar, 211 ta kollej hamda 176 ta texnikumlarda qabul jarayonlari tashkil etiladi.
Akademik lisey va kasb-hunar maktablariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinib, 2 yillik kunduzgi ta’lim shakli asosida o‘qitiladi.
Kollejlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yilgacha bo‘lgan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Texnikumlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Professional ta’lim muassasalari va akademik liseylarda ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladi.
Yaqin kunlarda e’tiboringizga ushbu ta’lim muassasalarining hududlar bo‘yicha tahlili hamda aloqa uchun raqamlarini havola qilamiz.