Bugun 5 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

Yangi tartib asosida ipoteka krediti va subsidiya olish tartibi qanday?

A A A
Yangi tartib asosida ipoteka krediti va subsidiya olish tartibi qanday?

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda aholidan tushgan ayrim savollarga javob qaytarildi.

— Karantinda bank kartasi orqali uydan turib onlayn tarzda mikroqarz olishim mumkinmi?

— Mumkin. Onlayn tarzda kredit olishga ehtiyoj paydo bo‘lgan taqdirda, mijozlar tegishli banklar mobil ilovalari orqali onlayn mikroqarzlar va kredit kartalari kabi bank xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Buning uchun faqat jismoniy shaxslardan kreditni qaytarish imkonini beruvchi doimiy ish haqiga ega bo‘lishlari talab etiladi. 

Hozirda ushbu xizmat turlari deyarli barcha tijorat banki tomonidan taqdim etilmoqda va ularning shartlari bilan banklarning rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda mobil ilovalari orqali axborot olish mumkin.

— Yangi tartib asosida ipoteka krediti va subsidiya olish tartibi qanday? Agar kreditni to‘lolmay qolsam, subsidiyani qaytarib to‘lash kerakmi?

— Imtiyozli ipoteka krediti uchun 14 ta tijorat banki — Milliy bank, Turonbank, Xalq banki, Qishloq qurilish bank, Asaka bank, Aloqabank, O‘zsanoatqurilishbank, Ipak yo‘li bank, Ipoteka-bank, Mikrokreditbank, Agrobank, Hamkorbank, Kapitalbank, Oriyent finans bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida joylashgan barcha filiallariga Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Belgilangan muddatlarda ipoteka krediti to‘lovlarini surunkali ravishda to‘lamaslik oqibatida bekor qilingan ipoteka krediti shartnomalari bo‘yicha undiriladigan mablag‘lar, talabgorga ajratilgan subsidiya summasi garovga qo‘yilgan uy-joyning sotilgan qiymatidan tegishli tartibda tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limlariga kredit ajratgan bank tomonidan to‘liq miqdorda qaytariladi.

✔️Kredit to‘lovlari vaqtida to‘lab borilganda esa, subsidiya mablag‘lari qaytarib to‘lanmaydi. Bu kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun qaytarmaslik tamoyili asosida beriladigan mablag‘lardir.

— Kredit ta’tili bilan bog‘liq imtiyoz kimlarga berilmoqda?

— Kredit to‘lovlarini kechiktirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar koronavirus pandemiyasi natijasida moliyaviy qiyinchilikka uchragan ham jismoniy shaxslar, ham tadbirkorlik sub’ektlari uchun mo‘ljallangan.

Koronavirus pandemiyasi natijasida tadbirkorlik sub’ektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish maqsadida 2020 yilning 1 oktyabriga qadar barcha kredit tashkilotlariga:

* moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan tadbirkorlik sub’ektlarining kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarini hamda pul oqimlari foiz to‘lovlarini qoplash uchun yetmagan taqdirda foiz to‘lovlarini kechiktirish;

* muddati o‘tgan qarzdorliklar kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslik bo‘yicha Markaziy bank tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.

Biroq, bu degani to‘lov muddati uzaytirilgan davrda foizlar hisoblanmaydi degani emas. Kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi va kredit bo‘yicha yakuniy to‘lovlar muddatlarini uzaytirilganligini hisobga olgan holda, keyingi davrlarda tomonlar kelishuviga asosan bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

Kiritildi: 16:35 16.07.2020. O'qildi: 4292 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!