«Barselona» vingeri Lamin Yamal «Manchester Siti»ning yosh futbolchisi Niko O'Raylini kataloniyaliklar safida ko‘rishni istamoqda.
El Nacional nashrining xabar berishicha, «ko‘k-anorranglilar» ham 21 yoshli angliyalik futbolchining o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. So‘nggi vaqtlarda sezilarli o‘sishga erishgan O'Rayli klubning transfer maqsadlaridan biriga aylangani aytilmoqda.
Niko asosan chap qanot himoyachisi sifatida harakat qiladi. Biroq u yarim himoyada, jumladan, hujumga yaqinroq pozisiyalarda ham o‘ynay oladi. Manbaga ko‘ra, futbolchining ushbu universalligi Xans-Diter Flik qo‘llayotgan taktik tizimga mos kelishi mumkin.
Shu bilan birga, transferni amalga oshirishda «Manchester Siti»ning pozisiyasi asosiy to‘siq bo‘lishi kutilmoqda. Angliya klubi O'Raylini kelgusi yillardagi loyihasining muhim futbolchilaridan biri deb hisoblaydi.
Transfermarkt portali ayni paytda 21 yoshli futbolchining bozor qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.