Isroil rasmiylari Oq uyni AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aniq aytmaguncha Eron nishonlariga zarba bermaslikka ishontirdi.
Bu haqda Axios portali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Vashingtonga tashrifi chog‘ida strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer, Isroilning Mossad razvedka xizmati rahbari David Barnea va Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Saxi Xanegbi Amerika hukumatini yahudiy davlatining tegishli qarori haqida xabardor qilgan.
"Biz amerikaliklarni tinchlantirdik va agar yaxshi diplomatik yechim topilsa, hujum boshlash mantiqiy emasligini aytdik. Shuning uchun biz ularga imkoniyat beramiz va muzokaralar tugab qolgani va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff taslim bo‘lgani aniq bo‘lmaguncha hech qanday harbiy chora ko‘rmaymiz", - dedi portal manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi doimiy ravishda Eronga ehtimoliy zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa-da, AQSh va boshqa davlatlar Isroilning Yamandagi hutiy isyonchi “Ansor Alloh” harakatiga zarba berishdan oldingi chora-tadbirlarini Eronga yaqinlashib kelayotgan zarbaga tayyorgarlik sifatida noto‘g‘ri talqin qilgan.
Tehron, Isroilga ko‘ra, muzokaralar barbod bo‘lmasligi uchun hamma narsani qiladi. "Tramp muzokaralar muvaffaqiyasizlikka uchraganiga qaror qilgunga qadar yana bir necha oy davom etishi mumkin", dedi manba Axiosga.
So‘nggi haftalarda Vashington ma’muriyati Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar davom etayotganiga qaramay, Isroil Eronga zarba berishga tayyorlanayotganidan xavotirda edi. Avvalroq AQSh prezidenti muzokaralar davom etayotgan bir paytda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni bunday qadamdan ogohlantirganini aytgandi. Shu bilan birga, Tramp agar Eron bilan aloqalar hech narsaga olib kelmasligiga ishonsa, uning pozisiyasi “telefon qo‘ng‘irog‘i natijasida o‘zgarishi” mumkinligini qo‘shimcha qildi.