Joriy yilning 28 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin, BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan uch tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov XXR Madaniyat va turizm vaziri X.Xepinning mamlakatimizga tashrifidan mamnun ekanligini ta’kidlab, bu nafaqat turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, balki UNWTO doirasida qo‘shma harakatlarni belgilab olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Xitoy tomoni esa O‘zbekistonning turizm sohasida strategik hamkori ekanligini alohida qayd etdi. X.Xepin o‘zaro turistik oqimni oshirish, mamlakatimizda turizm maskanlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, turizm infratuzilmasiga sarmoya kirituvchilar uchun berilayotgan imtiyozlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xitoy tomoniga 2023 yil mart oyida mazkur davlatning turistik guruhlari tashrif buyurishi tavsiya etilgan mamlakatlar ro‘yxatiga O‘zbekiston kiritilganligi uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Qolaversa, hozirgi kunda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga 11 ta aviaqatnov 3 ta aviakompaniya «Uzbekistan airways», “China Southers Airlines” va “Loongair” tomonidan amalga oshirilayotgani hamda kelgusida ushbu qatnovlar sonini va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Xitoy tomoni respublika hududiy aeroportlarini davlat xususiy sheriklik shartlari asosida modernizasiya qilish loyihalariga taklif etildi.
Bundan tashqari, UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bildirilgan tashabbuslarni tashkilot doirasida hamkorlikda amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi delegasiyasing Xitoyga tashrifini amalga oshirib, turizm sohasida Xitoy tajribasini o‘rgangan holda, 2030 yilga qadar turizmni rivojlantirish strategiyasi uchun asosli taklif va loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.
O‘z navbatida Xu Xepin yuqori saviyada tashkil etilgan tashrif va Xitoy tomoniga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi muvaffaqiyatli va samarali o‘tganligini alohida qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar nafaqat tashkilot doirasida hamkorlikni kuchaytirishga, balki sohadagi dolzarb masalalarga samarali yechim ekanligiga ishonch bildirdi. U Xitoy, O‘zbekiston va UNWTO o‘rtasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligini inobatga olib, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va loyihalarni «Bir makon — bir yo‘l» loyihasi doirasida ham amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladi. X.Xepin xitoylik turistlar orasida eng ommabob turizm yo‘nalishlari sifatida O‘zbekistonda yashil va ekoturizm, intellektual turizm, madaniy turizm imkoniyatlarini kengroq targ‘ib etishni taklif qildi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikda xitoy sayyohlari uchun maxsus turistik mahsulotlar va yo‘nalishlarni ishlab chiqish, kadrlarni tayyorlash, gidlarni o‘qitish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.
UNWTO Bosh kotibi Z.Pololikashvili Bosh assambleya yubiley sessiyasining Samarqandda yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi. U Madridga qaytishi bilanoq UNWTO sessiyasida Prezident tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirishga kirishishini ta’kidlab o‘tdi.
Z.Pololikashvili Samarqand shahrida ochilgan UNWTO Xalqaro turizm akademiyasiga XXR o‘qituvchi va mutuxassislarini taklif qilish uchun uch tomonlama hamkorlik tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, Samarqandda yangi tashkil etilgan UNWTO tematik ofisiga «Ipak yo‘lida turizm» bo‘yicha Xitoydan yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda yangi loyihalar ishlab chiqish, O‘zbekiston shaharlarini «Ipak yo‘li» shaharlari xalqaro turizm alyansiga a’zo qilishni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2024 yilda mazkur formatdagi uch tomonlama uchrashuvni Xitoyda ham tashkil etishga kelishib oldilar.