Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Xotinim uylanishimga rozi bo‘ldi, ammo...

Xotinim uylanishimga rozi bo‘ldi, ammo...

Bir tanishim boshidan o‘tkazgan voqeani aytib berdi. To‘g‘risi, hikoyasi bugungi kun odamining aqliga sig‘ishi qiyin.

“Juma namozini ishxonamiz yonidagi masjidda o‘qiyman. Juda fayzli masjid. Ammo bitta kamchiligi bor. Saflar orasi sal torroq. Farz o‘qilayotganda-ku bilinmaydi – hamma sajdaga bir paytda yotib-turadi, ammo sunnatlarda odam qiynaladi. Ayniqsa, menga o‘xshagan bo‘yi baland va qorni kattaroqlarga qiyin. Yo oyoq bilan ortingizdagining boshini turtib olasiz, yo siznikini turtib yuborishadi. Shuning uchun iloji boricha qisqaroq sajda qilishga intilaman. Ba’zilar bafurja sajda qilish uchun ortga biroz chekinadi, bu paytda ortdagiga sajda qilish mashaqqatli bo‘lib qoladi. Natijada, odam g‘ashinadi ham. Keyin esa, g‘ashingani tufayli ko‘ngilga behalovatlik kiradi.

Ammo men bu dardning chorasini topib qo‘yganman. Bir kuni safda siqilib turarkanman, Alloh ko‘nglimga bir jilva qildi: “Allohim, men birodarimga kenglik qilaman, evaziga Sen mening qabrimni keng qilgin!” degan o‘yni xayolimga soldi. Shu zahoti tanglanib-torayib turgan ichimga yorug‘lik va kenglik kirdi. Ortimdagi birodarim bemalol sajda qilishi uchun ko‘pmas, to‘rt enlikkina oldinga jildim; oldimdagi kishining ham ortiga “kalla qo‘yib” xayolini bo‘lmaslik uchun qisqaroq sajda qildim. Qarangki, boshqa paytlarda siqilib qoladigan odam endi aslo qiynalmasdan yotib-turdim. Hatto namozda ko‘pincha topolmaydigan halovatni tuydim. Xuddi Olloh qabrimni keng-yorug‘ qilib qo‘ygandek maza qilib namoz o‘qidim. 

Shu-shu har juma old-ortimdagilarga kenglik qiladigan, evaziga Ollohdan qabrimni keng qilishini o‘tinadigan bo‘ldim.

Bir kuni shu holatimni xotinga aytib bir maqtangim keldi. Hikoyamni eshitarkan, xotinning og‘zidan suvi qochdi. Havaslari kebketdi. Keyin: “Qaniydi biz ham sizga o‘xshab go‘rlarimizni keng qilolsak”, deb qoldi. 

–   Nega qilolmas ekansan, bemalol qilolasan.

–   Qanday qilib?

–   Bir juvon bor ekan, turmushi buzilganiga o‘n yilcha bo‘libdi... O‘shanga kenglik qilolasanmi?

Xotin gapning qayoqqa ketayotganini anglolmay biroz hayron tortib turdi. Men davom etdim.

– Farzand bo‘lmagani uchun ajrashgan ekan. Bugun bir aka kelib: “o‘sha ayolga uylanmaysizmi?” degan edi, men: “Ha, bo‘pti, uylanaman”, deb yubordim... 

Endi xotinning rangidan qon qocha boshladi. Men esa, jadal davom etdim.

–  Mana, qara, hozir qanchadan-qancha juvonlar ersiz, oilasiz. Ularning aybi nima? Axir ular ham oila qilgisi, farzand ko‘rgisi keladi. Lekin qani ularga shu baxtni beradigan erkak? Agar oilali yigit yana bitta ayolga uylansa va xotini kundoshiga kenglik qilsa, evaziga Ollohdan qabri keng bo‘lishini so‘rasa, Alloh, shak-shubhasiz, unga shu ne’matni ato etajak. Shu narsaga ishongan ayolga kundoshlik aslo musibat bo‘lib ko‘rinmaydi. Nafsni ko‘ndirishning eng oson yo‘li Olloh uchun qilingan hech bir ish mukofotsiz qolmasligini unutmaslik... Mana, sening oldingda katta bir ish turibdi, xohlasang, uni o‘zingga zulm qilib ol, xohlasang, mukofot qilib...

Shu gaplarni aytarkanman, xotinning boshi egilib ketdi, hatto ko‘zlariga yosh sizdi. Men u yoshlarni norozilik alomati deb o‘yladim. Bir pas jim qoldik. Keyin qo‘lim bilan iyagidan tutib, boshini ko‘tardim, ovutishga bir narsalar aytmoqchi bo‘ldim, lekin u og‘zimdan gapimni oldi, ko‘zlarimga tikilgan ko‘yi:

–  Adajonisi, men roziman. Men o‘sha ayolga kenglik qilay, Ollohim mening go‘rimni keng qilsin. Roziman. Farzand ko‘rsangizlar, ko‘rarsizlar, ko‘rmasangizlar, mana, uchta o‘g‘il bor, birortasini berarmiz, kelin bilan xizmatingizni qilar, – dedi.

Xotinimga oldindan yarim hazil-yarim chin qilib, “uylanaman”, deb yurardim. Shuning uchun uylanishimga juda to‘polon qilib yubormasa ham, harholda bunchalik go‘zal tarzda rozilik beradi, deb o‘ylamagan edim...”

Do‘stimning gaplarini eshitib, hayratdan yoqamni ushladim. Agar uni yaxshi bilmaganimda, gaplariga ishonmasligim ham mumkin edi. Lekin Olloh bizni o‘zaro ahil bo‘lishga, uxuvvat qilishga, ko‘maklashishga buyurgan va evaziga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mukofotlar va’da qilganini bilamiz-ku. Mana, ozgina yaxshilik ilinishning mukofoti! Shundan keyin uyimizdagi ayollarning, o‘g‘il-qizlarning itoatsizligi ildizi o‘zimizda emasmikan, degan xayol keldi.

Rostanam, o‘zimiz bir gunohni qilib turib, unga o‘nta oqlov topamiz, ammo xuddi shu gunohni bir do‘stimiz qilsa, bizning huzurimizda unga uzr yo‘q! Holbuki, Rabbimiz bizni butunlay boshqacha yo‘l tutishga buyurgan-ku. Mana, bir birodarimiz tutumini sal o‘zgartirib, Olloh chaqirgan uxuvvat sari bir qadam tashlagan edi, bugun aqlimizga sig‘maydigan mukofotga noil bo‘lib turibdi.

Alloh-Alloh! Bunchalar yaxshisan?! Bizni ham yaxshilardan qilgil! Omiyn!

***

Aytganday, bir savol qolib ketyapti, shuni ham ochiqlab ketaqolay.

Do‘stimdan:

– Xo‘sh, unda nega uylanmadingiz? – deb so‘radim.

– E, – dedi u kulib, – borib o‘sha juvon bilan ko‘rishdim, gaplashdim, ammo ne tongki, u menga tegishni istamadi. 

– Ana xolos. Unda, boshqa yesirlar ham ko‘p-ku, yoki o‘shandan boshqasiga rozi bo‘lmadimi kennoyi? – deb hazillashdim.

–  Yo‘q, keyin boshqasini taklif qilishdi, feysbukda borakan. Messenjerdan “Assalomu alaykum”, deb xat yozdim. Undan “vaalaykum” kelgunicha o‘zim kasal bo‘lib qoldim. Shu bilan uylanish qolib ketdi. Ammo men xotin olmasam ham, xotin mukofotini olib bo‘ldi-yov...

Hazil-huzul bilan xayr-xo‘shlashdik. Yo‘qotgan narsamni topganday ichim ancha yorishib qaytdim.

Abdug‘afur Iskandar

Kiritildi: 05:00 22.01.2021. O'qildi: 13597 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!