Xitoyda inson metapnevmovirusi (HMPV) epidemiyasi kuzatilmoqda — Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boshqarmasi
Qayd etilishicha, 23-29 dekabr kunlari butun mamlakat bo‘ylab shifoxonalardagi bemorlardan olingan nafas olish yo‘llari namunalari tahlili natijalariga ko‘ra shunday xulosaga kelingan. Qayd etilishicha, Xitoyda o‘tkir respirator infeksiyalar, jumladan gripp, odam metapnevmovirusi va rinovirus faol tarqalmoqda.
14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida metapnevmovirus bilan kasallanish ko‘paymoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning shimoliy hududlarida kasallanish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yuqori.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, metapnevmovirus infeksiyasi, yuqori va pastki nafas yo‘llarining shikastlanishi bilan birga kechadi. Odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma belgilari bilan o‘tkir respiratorli infeksiya shaklida paydo bo‘ladi. Metapnevmovirus bolalarda va immuniteti zaiflashgan insonlarda bronxitni keltirib chiqaradi.
Ma’lumot uchun, metapnevmovirus (HMPV) yangi turdagi virus emas, biroq Xitoyning shimolida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kasallanish holatlari ko‘paygani sababli e’tibor qozondi.
Metapnevmovirus birinchi marta 2001 yilda aniqlangan bo‘lib, havo-tomchi yoki ifloslangan yuzalar bilan aloqa orqali tarqaladi. Ushbu virus bilan kasallanish holatlari Xitoydan boshqa mamlakatlarda ham qayd etilgan.