Xitoy hukumati kuchli “Dolfin” tayfuni sababli mamlakatning sharqiy hududlaridan bir milliondan ortiq odamni evakuasiya qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligiga tayanib.
Jumladan, Shanxaydagi tabiiy ofat natijasida kuchli jala bo‘lgan va transport qatnovini jiddiy izdan chiqargan. Avvalroq, “Dolfin” yuqori darajadagi xavfi ob-havo sifatida e’lon qilinib, u bu yil Xitoyga yopirilgan eng kuchli dovulga aylangan edi. Chjeszyan provinsiyasida quruqlikka yetib kelganida shamol tezligi soatiga 150 kilometrni tashkil etdi. Keyinroq tayfun ikkinchi marta Venchjou shahrida quruqlikka chiqdi.
Rasmiylar dovul toifasini tropik darajaga tushirgan bo‘lsa-da, chorshanba kuniga qadar kuchli yomg‘irlar yog‘ishi, suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi saqlanib qolishi haqida ogohlantirdi. Shanxayda mingga yaqin aviareys bekor qilindi. Shaharning qator tumanlarida binolarning birinchi qavatlarini suv bosgan.
Aholi ko‘chaga chiqmaslikka chaqirildi. Bir nechta mashhur sayyohlik maskanlari, sohilbo‘yidagi tomosha maydonchalari yopildi. Fuszyan provinsiyasida o‘nlab yo‘lovchi paromlari harakati va 100 dan ortiq dengiz qurilish loyihalari to‘xtatib qo‘yildi.
Davlat ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishicha, Chjeszyanda to‘qqiz yoshli bola bedarak yo‘qolgan, uni kuchli to‘lqin dengizga oqizib ketilgani taxmin qilinmoqda. Xitoyda halok bo‘lganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
“Dolfin” Xitoyga yetib kelgunga qadar Filippin, Tayvan shimoli va Yaponiyaning Okinava oroliga kuchli yog‘ingarchilik keltirdi. Filippinda sakkiz kishi halok bo‘ldi, 7 mingdan ortiq aholi evakuasiya markazlarida saqlanmoqda. Okinavada besh nafar keksa yengil tan jarohati oldi.
Dam olish kunlari Gonkongda rekord darajadagi 36,9 daraja issiq harorat qayd etildi. Mutaxassislarning fikricha, bu yil kuchli El-Nino hodisasi tufayli Tinch okeanining g‘arbiy qismida tayfunlar yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin.