Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Xitoy qanday qilib koronavirusni yengmoqda?

Xitoy qanday qilib koronavirusni yengmoqda?

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim Chin mamlakati qaysi usul bilan dahshatli infeksiyaning tarqalish yo‘llarini to‘sgani, epidemiyaga qarshi samarali kurashishdagi asosiy omillar haqida so‘zlab berdi:

– Biz juda ko‘p gapiramiz: sarosima virusdan ham xavfli. Xitoy tajribasi ham koronavirus tufayli yuzaga chiqqan xastalikni nazorat qilish va davolash mumkinligini ko‘rsatdi. Xitoyda 70 mingdan ziyod ushbu xastalik alomatlari aniqlangan kishilar davolanib uylariga qaytdi. Bu natijaga shunchaki erishilgani yo‘q. Uning zamirida juda og‘ir va mashaqqatli mehnat yotibdi. Epidemiya tarqalishining oldini olishdagi hal qiluvchi omillar sifatida men quyidagilarni ko‘rsatgan bo‘lardim:

Birinchi omil, bu – XXR Raisi Si Szinpin boshchiligidagi Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining qat’iy rahbarligi. Mamlakat yetakchisi xalq salomatligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, profilaktika va epidemiya ustidan nazorat o‘rnatishga juda katta e’tibor qaratdi va bu jarayonni shaxsan nazorat qildi. Ayni harakat xalqning epidemiya ustidan g‘alaba qozonishga nisbatan ishonchini mustahkamladi.

Ikkinchi omil – hamjihatlik. Tahlikali vaziyat qarshisida butun mamlakat va xalq birlashdi. Xitoyning barcha hududlaridan “Oq libosli farishtalar”,dori vositalari va eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari Uxanga jo‘natildi. Shahar aholisi, o‘z navbatida, virus tarqalishining oldini olish maqsadida ikki oydan ziyod vaqt umuman uydan chiqmadi.

Uchinchi omil – epidemiyaga qarshi samarali choralar. Epidemiya paydo bo‘lishi bilan butun mamlakat bo‘ylab tibbiyot sohasida eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatda hushyorlik joriy qilindi va virus profilaktikasi va ixotasi bo‘yicha bir qator zarur choralar ko‘rildi. Bu iloji boricha infeksiyaning barcha yo‘llarini to‘sish imkonini berdi.

To‘rtinchi omil, bu – xalqaro darajadagi qo‘llab-quvvatlov. Hal qiluvchi vaziyatda biz 70 dan ziyod davlatdan, jumladan, do‘st O‘zbekistondan ham insonparvarlik yordamini qabul qilib oldik.

Epidemiyani profilaktika qilish va ixotalashda Xitoy qanday tajribaga ega bo‘ldi? Taniqli epidemiolog Chjun Nanshanning fikricha, eng avvalo zudlik bilan eng ko‘p kasallik aniqlangan hududlarni yopish, kasallikni barvaqt aniqlash, tashxis qo‘yish va karantinga olish maqsadida mamlakatning barcha mintaqalari ishtirokida hamkorlikdagi profilaktika va nazorat mexanizmini yo‘lga qo‘yish kerak. Ommaviy tadbirlarni qisqartirish va har bir fuqaroni muhofaza qilish juda muhim. Eng samarali choralardan biri kishilarni uylaridan chiqmaslikka, gigiyena me’yorlariga qat’iy rioya qilishga, lozim bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilishga chaqirishdir.

Virus chegara bilmaydi. Xitoy epidemiya paydo bo‘lgan birinchi kunlardanoq xalqaro hamkorlikni faollashtirdi, qisqa muddatda koronavirusning genetik kelib chiqish yo‘llarini topdi va bundan darhol jahon hamjamiyatini xabardor qildi. Ayni qaror boshqa davlatlar uchun o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qildi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus ta’kidlaganidek, Xitoy butun dunyo uchun vaqtdan yutdi. XXR muntazam ravishda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida xabar tarqatmoqda, boshqa davlatlar bilan izchil aloqalarni, muvofiqlashtiruvchi harakatlarni ushlab turibdi.

Epidemiya yer yuzi bo‘ylab tarqalishda davom etayotgan bir paytda, Xitoy koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan mamlakatlar va mintaqalarga har tomonlama ko‘mak beryapti. Biz “Yangi tipdagi koronavirus tufayli paydo bo‘lgan pnevmoniyani tashxislash va davolash to‘g‘risidagi protokol” hamda “Sayohatchilar uchun profilaktika va epidemiyaga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar”ni ishlab chiqdik va tarqatdik. Dahshatli virus bilan kurashda orttirilgan tajribamizni videokonferensiya orqali o‘nlab davlatlarga yetkazdik. Ehtiyojmand mamlakatlarga ijtimoiy yordam yuklari, xitoylik shifokorlardan iborat brigadalar jo‘natildi.

Epidemiya bilan kurash avjiga chiqqan o‘ta tahlikali vaziyatda Xitoyga ko‘rsatilgan beg‘araz yordam uchun do‘st O‘zbekiston xalqidan minnatdormiz. Xitoy xalqida shunday bir ibora bor: “Shaftoli berganni olxo‘ri bilan siyla”. Endi O‘zbekistonda mazkur virus bilan kasallanish holatlari kuzatilganda Xitoy ham O‘zbekistonni epidemiyaga qarshi kurashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. 20 mart kuni ikki davlat olimlari, tibbiyot xodimlari ishtirokida teleko‘prik tashkil etilib, mutaxassislar koronavirus pnevmoniyasiga qarshi profilaktika ishlarini olib borish va kurashishga oid batafsil fikrlashdi. Xitoy hukumati yaqin kunlarda O‘zbekistonga tashxis uchun test tizimi, himoya kiyimlari, ko‘zoynaklar va boshqa tibbiy vositalardan iborat beminnat insonparvarlik yordamini jo‘natadi. Xitoy kompaniyalari ham o‘zbekistonlik hamkasblariga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda davom etyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatida ta’kidlaganidek, biz barchamiz millatimiz, tilimiz, e’tiqodimizdan qat’i nazar, jipsmiz va ishonchimiz komilki, bu qiyinchiliklarni albatta yengib o‘tamiz. Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchi edimki, Xitoy va O‘zbekiston boy tarixiy sivilizasiyaga ega davlatlar hisoblanadi, xalqlarimizning matonati cheksiz. Qat’iy aminman, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan tez orada bu kurashda g‘olib chiqamiz va taqdiri yagona insoniylik jamiyatini shakllantirish yo‘lidagi intilishning yorqin namunasini butun dunyoga namoyish etamiz.

Manba: XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi rasmiy sayti

Kiritildi: 05:45 26.03.2020. O'qildi: 3890 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!