Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish loyihasiga rasman start berish, tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston va Xitoy aloqalarining tobora mustahkamlanib borayotgani, bu esa har ikki davlat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qilishi, xususan Toshkent viloyatida qurilishi boshlangan yangi stansiya kelgusida qanday samara berishi borasida ta’kidlandi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Iqtisodiyot va tijorat bo‘limi maslahatchisi, janob Sun Yan, mas’ul xitoy kompaniyalari vakillari, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov hamda mas’ul rahbar-xodimlar, mahalliy faollar ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni savdo departamenti tomonidan loyihani qurilish ishlarini olib borish uchun o‘tkazilgan tenderda «TBEA Co., Ltd» kompaniyasi g‘olib bo‘lib, bosh pudratchi etib tanlangan.
Xitoy tomonidan ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri beg‘araz ko‘mak, grant mablag‘larining qiymati 28,0 mln. AQSh dollarini tashkil etib, loyihani amalga oshirish muddati 2025-2026 yillarga rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha doirasida 20 MVt quvvatga teng shamol elektr stansiyasini barpo etiladi. Bunda yiliga o‘rtacha 50 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgandan so‘ng, qariyb 20 ming xonadon elektr energiya bilan ta’minlanadi.
Bugungi kunda bosh pudratchi tomonidan Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori asosida ajratilgan 10 gektarga teng yer maydonida (Burchmulla hududida) qurilish ishlari olib borilmoqda hamda Xitoydan olib kelinayotgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalarini bosqichma-bosqich montaj qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yiliga 811,1 ming metr kub tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejash imkonini beradi. Bu, nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali yechim hisoblanadi.