Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Xitoy dollarni sindirmoqchi. Uddalay olarmikan?

Xitoy dollarni sindirmoqchi. Uddalay olarmikan?

Xitoy Xalq Respublikasi iqtisodiyotida AQSh dollariga qaramlik bosqichma bosqich bartaraf etilmoqda. Chunki milliy valyuta yuanning qadri oshib boryapti. Xitoydan bu borada nimalarni o‘rganish mumkin?

– Bundan bir yarim yil muqaddam Gaunchjou hududida AQSh dollarini milliy valyutaga ayriboshlay olmadim, – deb yozadi Georgiy Zotov "Argumenti i fakti" gazetasining 2019 yil, 20-sonida. – Maxsus ko‘rsatma bo‘lmaguncha, qabul qilmaymiz, deyishdi. Mehmonxonada ham chorasi topilmadi. Natijada, shahar bo‘ylab almashtiruvchi bankomatlarni izlab sarson bo‘ldim. Keyingi safar Moskvadan o‘zim bilan yetarli miqdorda yuan olib keldim.

Hozir XXR chet el valyutasini yuanga almashtirish borasida qator talablar qo‘ygan. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, dollarni muomaladan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Bugun Rossiya ham o‘zining dollarga bo‘lgan qaramligini bartaraf etishga intilyapti. Xo‘sh, Xitoy bunga erishgan bo‘lsa, qanday qilib uddaladi?

Birinchi qadam: IMPORTNI TO‘XTATISh ZARUR

Bu yurtga kelishingiz bilan shunday xulosaga kelasizki, go‘yo dunyoda yuandan boshqa pul yo‘qdek. Eng badavlat, xalqaro sarmoyadorlar ham boyligini dollarda hisoblamaydi. Hatto "Air China" aviakompaniyasi chipta narxlarini milliy valyuta – yuanda belgilaydi. Barcha xalqaro aeroportlar yuan hisobida xizmat ko‘rsatadi. Sayohatga chiqqan xitoyliklar dollar olib yurmaydi. Tailand, Turkiya yoki Indoneziyaga otlangan sayohatchilar hamyonidan faqat yuan chiqadi. Chunki barcha davlatlarda yuanni milliy valyutaga bemalol almashtirish mumkin.

Eng muhimi, na hukumat, na xalq milliy pul birligi barqarorligidan xavotir oladi. Kelgusida pul qadrsizlanishi mumkin, degan o‘y ular uchun yot. Dollarga hech kim navbatda turmaydi. Noqonuniy valyutafurushlik holati ham uchramaydi.

1998 yilda bir dollar 8,30 yuanga teng bo‘lgan. Bugungi kurs – 6,73. Demak, AQSh dollarining qadri tushmoqda. Taqqos uchun Rossiya rubli bu davrda 10 barobar qadrsizlandi. Haqiqatan ham xitoyliklarga havas qilsa arziydi.

Xitoy importni umuman to‘xtatdi, asosiy omil shu, – deydi shanxaylik moliya konsultanti Vey Lunvan. – Agar besh yil muqaddam Rossiya Farbdan milliardlab dollarlik mahsulot olgan bo‘lsa, XXR ko‘p yillardan buyon oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Xitoyda baliq ovlash va qayta ishlash sanoati rivojlangan. Olma va sabzavot yetishtirish yil sayin oshyapti. Hozir chet eldan faqat guruch sotib olinadi. U ham yuanda, dollarda emas! Xitoy hududi Rossiyaga nisbatan ikki barobar kichik. Boz ustiga chorva boqish uchun qulay emas. Ammo telefon, televizor, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarishda yetakchilik qiladi. Dunyoning yetakchi avtomobil zavodlari mamlakat hududida faoliyat yuritadi. Shu omil sabab o‘z avtomobil sanoatini ham qisqa muddatda yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda AQSh va Yaponiyani birga qo‘shib hisoblaganda ham ulardan ko‘p avtomobil ishlab chiqaryapti. Bularning barchasi Xitoyda chet el valyutasining muomalada bo‘lishiga ehtiyoj qoldirmadi.

Ikkinchi qadam: XALQ FRANKLINNI TANIMASIN

– Shanxaydaligimda kichik tadqiqot o‘tkazmoqchi bo‘ldim, – deb yozadi jurnalist Georgiy Zotov. – Avvalo, bir ma’lumot. Xitoyda doimiy yashab, qonuniy biznes bilan shug‘ullansangiz valyuta almashtirish huquqiga egasiz. XXR fuqarolari esa yiliga ellik ming dollargacha sotib olishi mumkin. Bu faqat yozib qo‘yilgan qonun. Har safar bir talay hujjatlarni to‘ldirish, o‘nlab mutasaddiga imzo va muhr qo‘ydirish... Bu tartib kishini bezdiradi. Hukumat go‘yo AQSh dollari mamlakatda keraksiz, degan fikr uyg‘otishga urinadi. Nima qilib bo‘lsa ham, dollarni xitoyliklar turmush tarzidan, kundalik muomalasidan chiqarish chora-tadbirlarini ko‘ryapti.

Xullas, kichik tadqiqotimga qaytaman. Yonimda yuan kam qolibdi, degan bahona bilan taksichiga 10 dollar berdim. U chet el pulini ko‘z oldida bir necha bor aylantirib ko‘rdi. So‘ng og‘ir xo‘rsinib, hisoblagichni ishga tushirdi. To‘g‘ri bankka olib bordi va dedi:

– Kirib, qo‘lingdagi notanish odam tasvirlangan pulni almashtirib chiq.

Uchinchi qadam: G‘ALATI REJA

Pekinlik iqtisodchi Sun Xebeyning ta’kidlashicha, Xitoy faqat AQSh bilan savdo aloqasidan 350 milliard foyda oladi. Bu pullar xalq farovonligiga sarflanadi. Qarang, so‘nggi o‘n yilda Xitoyda qancha o‘zgarish yuz berdi. Tezyurar poyezd yo‘nalishlari, yo‘llar, aeroportlar. Yana megapolislar, minglab turar joy binolari, maishiy savdo ob’ektlari barpo etildi.

Eslasak, rasmiy Pekin 2014 yilgacha AQSh dollarini davlat zaxirasiga yiqqan. Endi ushbu mablag‘ni chet eldan investisiyalar sotib olishga sarflayapti. Rejaga ko‘ra, xalqaro savdoda AQSh dollaridan voz kechish birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Shu yo‘l bilan Xitoy AQShning og‘ir iqtisodiy sank­siyalaridan qutulib keta oladi. Bu o‘z yog‘iga o‘zini qovurish, deyiladi.

Bunday metodi haqida uzoq bahs­lashish mumkin. Biroq, AQSh dollari Xitoyga baribir kerak. Har holda hozircha shunday. Trillion dollar (!) miqdordagi Amerika obligasiyalarini o‘zida saqlab turgani bejizmas.

Kiritildi: 14:27 29.05.2019. O'qildi: 3618 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!