Xitoy AQShdan keladigan tovarlarga qo‘shimcha boj to‘lovlarini 125 foizgacha oshiradi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining tariflar qo‘mitasiga tayanib "TASS" xabar bermoqda.
Ma’lumki, tarif stavkasi 12 apreldan boshlab oshiriladi.U AQShdan olib kelingan barcha tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ta’kidlanishicha, bu chora Amerika ma’muriyatining proteksionistik harakatlariga javob sifatida qabul qilingan.
Nashr qilingan bayonotda ta’kidlanganidek, Vashingtonning XXR mahsulotlariga nisbatan o‘ta yuqori tariflari "xalqaro savdo-iqtisodiy qoidalarni, asosiy iqtisodiy qonunlarni va sog‘lom fikrni jiddiy buzishdir".
“Mavjud tariflar darajasida bozor XXRga yetkazib berilayotgan Amerika tovarlarini qabul qila olmasligini hisobga olib, Xitoy tomoni Xitoydan keladigan mahsulotlarga nisbatan AQSh bojlarini yanada oshirishga e’tibor qaratmaydi”, — deyiladi xabarda.
AQSh prezidenti Donald Tramp 2 aprel kuni dunyoning 180 dan ortiq mamlakat va hududlari tovarlariga bojxona to‘lovlari joriy etilishini ma’lum qildi. Pekinga nisbatan bu ko‘rsatkich 34% ni tashkil etdi. Bunga javoban Xitoy 10 apreldan boshlab barcha Amerika mahsulotlariga 34 foizlik qo‘shimcha tariflarni tasdiqladi. Shundan so‘ng Vashington Pekinga Xitoy tomoni AQSh bilan savdo bitimiga kirguniga qadar 104 foizlik tariflarni va’da qildi. Bu qarshi choralarga olib keldi: Xitoy AQShga nisbatan tariflarni 84% ga oshirdi. O‘z navbatida, Tramp Xitoy tovarlariga bojlarni zudlik bilan 125 foizgacha oshirishni e’lon qildi.