Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Xalqning sabri bilan hazillashmang siz!..

Xalqning sabri bilan hazillashmang siz!..

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda, telegram kanallariyu turli ommaviy axborot vositalarida, hatto mahallada yig‘ilib gap sotadigan xotinlar o‘rtasida ham bitta mavzu eng ko‘p muhokama qilinmoqda.

Bu ham bo‘lsa – aholini gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi ko‘zga tashlanayotgan kamchiliklar, aholining energiya ta’minotchilaridan keskin noroziligi. Ob-havoning sovishi bu muammolarni tobora chuqurlashtirmoqda. Eng yomoni, bu haqda qancha aytilmasin, qancha ko‘tarib chiqilmasin mutasaddilar tomonidan biror-bir aniq chora ko‘rilmayotganidir.

Xo‘sh, mamlakatimizda aholini energiya bilan ta’minlash nima uchun bunday katta noroziliklarga sabab bo‘lmoqda? Buning asosiy aybdorlari aslida kim – iste’molchimi, yetkazib beruvchimi yoki «o‘rtada turgan» boshqa qandaydir bir kuchlarmi?

Tizim avtomatlashtirilgan, ammo qarzdorlik 3,5 trillion

Esingizda bo‘lsa so‘nggi o‘n yilning badaliga elektr hisoblagichlar 3-4 marta o‘zgardi. Avvaliga otam zamonidan qolgan diskli hisoblagichlar elektronga o‘zgartirildi. Elektron hisoblagichlar qo‘yilishi shart, deyilganidan keyin yoppasiga hamma xohlagan rusumdagisini o‘rnata boshladi. Keyinroq, xonadonlarga maxsus chipli, hisobidagi mablag‘ tugab qolsa o‘chib qoladigan hisoblagichlar o‘rnatilish boshlandi. Albatta, bu ham iste’molchining o‘z mablag‘lari hisobidan. Ammo, ko‘p o‘tmay bu ham «bo‘lmaydi»ga chiqarildi. 2019 yildan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilib, butun mamlakat bo‘yicha «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu hisoblagichlar tizimdagi yo‘qotishlarga barham berish, iste’molchi bilan aniq-hisob kitob qilish, eng muhimi elektr energiyasi uchun faqat oldindan to‘lov qilish tizimiga o‘tish hamda qarzdorlikka barham berishi haqida rosa ko‘p aytildi. Iste’molchi bilan munosabatlar inson omilisiz, avtomatik boshqarilishi, iste’molchi hisobidagi mablag‘ tugasa, o‘zi avtomatik tarmoqdan uzib, to‘lov qilingandan keyin esa yana avtomatik ulanishi bot-bot maqtab gapirildi.

Endi gapni asosiy mavzuga bursak. Yaqinda, aniqrog‘i 28 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov mamlakatimizda elektr energiyasi to‘lovi borasida 3 trillion 500 milliard so‘m qarzdorlik mavjud ekanini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, 2020 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, aholining elektr energiyasidan qarzdorligi 2 trillion 340 milliard so‘mni tashkil qilmoqda. Bundan ikki oy oldin – 1 oktyabr holatiga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 2 trillion 380 milliard so‘m bo‘lgan.

Afsuski, bunday katta qarzdorlik qanday kelib chiqqani, ikki yildan buyon qarzga ishlamaydigan «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatilayotgan bo‘lsa, bunday qarzdorlar qanday paydo bo‘lgani haqida lom-mim deyilmagan.

Lekin bir narsa aniqki, hozir eng chekka qishloqdagi eng kamxarj oila ham xonadonida uzluksiz elektr bo‘lishi uchun hamma narsaga rozi holatga kelgan. Ular bugun bitta emas, yarimta non yesa yeydiki, ammo qarz tufayli elektrsiz qolishni xohlamaydi, vaqtida to‘laydi.

Falon trillion qarzdor deb aholi, iste’molchini aybdor qilib qo‘yishdan osoni yo‘q. Lekin o‘sha mutasaddi o‘ttiz-qirq yildan buyon bitta qishloqda birorta yangi transformator qo‘yilmagani yoki almashtirilmagani to‘g‘risida negadir gapirishni xohlamaydi. Nega yillar badaliga elektr energiyasi korxonalariga tushayotgan pulning muayyan qismidan, iqtisod tili bilan aytganda, zarur vositalarni yangilashga bir so‘m ham yo‘naltirilmagan yoxud jamg‘arilmagan? Qarzdorlik to‘g‘risida og‘zini to‘ldirib gapirayotgan mutasaddi bular haqida nega indamaydi?

Darvoqe, inson omilisiz, avtomatik ishlaydigan «aqlli» hisoblagichlar haqida yana bir gap. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri shunday yozadi: «Bugun soat 17:22 da SMS keldi, 2700 so‘m qarzdorligingiz uchun tarmoqdan o‘chirildingiz degan. Bir minut ham o‘tmasdan hisobimni to‘ldirdim. Uyga telefon qilsam, svet o‘chmaganini aytishdi.

Ammo oradan bir soatdan ziyod vaqt o‘tgandan keyin svetimizni o‘chirib qo‘yishibdi. Elektr tarmoqlarining shahar, Sergeli tuman bo‘limlariga qayta-qayta telefon qilishga urinishimiz besamar ketdi...

Bir kun svetsiz qolganim uchun emas,  shunchaki anchadan beri meni tinch qo‘ymayotgan savollarni aytishga bu bahona bo‘ldi: – Nega bizda qonun-qoidalar davlat uchun «chyotkiy» ishlaydi-yu iste’molchiga kelganda oqsab qoladi? – Nega qishloq joylarda aholining oldindan to‘lab qo‘yilgan qancha-qancha mablag‘i elektr korxonasi hisobida tursa-da, istagan vaqtda svet o‘chirilaveradi, lekin biror marta iste’molchi huquqi eslanmaydi, ammo aholi ikki ming so‘m qarz bo‘lib qolganda «birdaniga» qanday ishlab ketadi?

– Tizim avtomatlashtirilgan ekan, nima uchun shu avtomatik tizim elektr korxonasi manfaati uchun barqaror ishlaydi-yu, iste’molchi foydasiga biror marta ham adashmaydi?

– Va nihoyat, bu monopol korxonalar qachongacha aholining ustidan kuladi?..» Achchiq bo‘lsa-da, elektr energiyasi mutasaddilari oldiga haqli savollar qo‘yilgan. Birgina elektr tarmoqlarining «11-54» ishonch telefoniga bog‘lanish qanchalar azobligi yoki navbatga 74-bo‘lib, ikki yarim soat telefonda kutish nima ekanini nahotki shu mutasaddilar bilmasa?!

Bir tomon manfaatiga ishlaydigan shartnoma

Yuqorida iste’molchi qo‘ygan savol juda to‘g‘ri va muammoli. Aslida har qanday shartnoma shartlari ikki tomon uchun ham birdek ishlashi shart, shuning uchun ham u shartnoma. Ya’ni siz to‘lovni kechiktirsangiz, mahsulotdan mahrum bo‘lasiz yoki penya to‘laysiz. Xuddi shunday ikkinchi tomon ham sizning oldindan to‘lab qo‘ygan pulingizga vaqtida mahsulotni yetkazib bermadimi, marhamat, u ham buning «javobini» bersin.

Elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov tizimiga o‘tildimi, bu bilan ta’minotchi iste’molchini uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlash majburiyatini bo‘yniga olgan hisoblanadi. Basharti qarz bo‘lib qolsa, darrov uzib qo‘yish yoxud penya hisoblash tamoyili ishlayotgan ekan, oldindan pulini olishga olib, elektrni yetkazib bera olmagan vaqti uchun ta’minotchining iste’molchi oldidagi javobgarligi belgilanishi kerak emasmi?

Hozir istalgan tuman elektr tarmoqlari korxonasiga borsangiz tumonat odam, uzundan-uzun navbat. Ularning aksariyati bitta sabab bilan kelgan: «Hisobimga pul tashlaganman, lekin svetim yonmayapti...» Mana shuning o‘ziyoq shartnoma faqat bir tomonlama ishlayotganiga yaqqol dalil aslida.

Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar haqida gap ochilishi bilan darrov aholining qarzdorligi pesh qilinadi. Hatto qarz undirishning antiqa usullari qo‘llanilgani, hatto «MIB»chilar odamlarning uyidagi to‘shalgan gilamigacha ko‘tarib chiqib ketgan vaqtlar bo‘ldi. Biroq, negadir aholining «qarzdorligi» hech kamaymaydi. Mana, endi avtomatik tizimga o‘tib ham iste’molchi manfaati ochiq-oydin oyoqosti qilinmoqda.

Elektr muammosi haqida gap ochilsa, har doim «bir xil qo‘shiq» takrorlanaveradi. Shartnomalar esa faqat bir tomon manfaati uchun ishlayveradi.

Bugungi siyosatga qarshi «sabotaj»mi bu?

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘zining telegramdagi sahifasida ko‘pchilikning dilidagi gaplarni yozibdi. Jumladan, deputat shunday deydi: «Bugun O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kechmoqda. Aynan o‘ta og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidanda sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni «yuvib yuboryapti».

Endi o‘ylab ko‘ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor. Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo‘pol qilib aytganda, «bir tiyin». Ularga faqat bir narsa kerak, energiya ta’minoti!

Murojaatlar bo‘yicha shahar, viloyat, respublika mutasaddilari kimni ayblashni bilmaydi, bir-biriga soladi. Eng oxirgi javob esa, qayerdadir avariya bo‘lgan va yaqin kunlarda hammasi yaxshi bo‘ladi, degan va’da bilan cheklaniladi. Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investisiya kiritilmaganligi haqida dardini doston qiladi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd. dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Nahot, oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o‘zgarish qilib bo‘lmasa? Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo‘lmasa bulardan nima naf? Qaysi islohot «effekt» beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro‘y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan «sabotaj»mi?

Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun esa, birinchi navbatda, rahbarda oriyat bo‘lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta’minoti kabi oriyat hissi ham «inqirozda».

Ha, muammo haqiqatdan ham jiddiy. Buning yechimi esa sohadagi monopoliyaga barham berish, faqat ta’minotchi manfaatiga emas, avvalo iste’molchi manfaatlariga xizmat qiladigan islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya, xo‘jasizliklarga butunlay barham berish kerak. Muammoni faqatgina aholi qarzdorligiga taqab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Aholidan pul undirishning zamonaviy shakllariga o‘tilyaptimi, demak aholiga xizmat ko‘rsatishda ham zamonaviy yondashuv kerak. Bir vaqtlar aholi qarzdorligi to‘g‘risida «Qars ikki qo‘ldan chiqadi» degan sarlavhali maqolalar ko‘p yozilardi. Hurmatli elektr energiyasi mutasaddilari! Haqiqatdan ham qars ikki qo‘ldan chiqadi, aholi oldindan pulini to‘lab qo‘ymoqdami, siz ham zimmangizdagi mas’uliyatni bajaring!

Husniddin BERDIYEV

Manba: od-press.uz

Kiritildi: 05:30 25.01.2021. O'qildi: 6718 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!