Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Xalqaro tajriba: Turkiyada hamshiralar qanday tayyorlanadi?

Xalqaro tajriba: Turkiyada hamshiralar qanday tayyorlanadi?

Bugun Turkiya tibbiyot sohasida dunyoning ilg‘or davlatlari safida. Ushbu muvaffaqiyatlarning ikki asosiy omili bor. Biri — mamlakatda zamonaviy tibbiy texnologiyalar qamrovi kengligi bo‘lsa, ikkinchisi — mutaxassislar tayyorlashning samarali mexanizmlari joriy etilgani!

Xo‘sh, hozir turk zaminida hamshiralarni tayyorlash va ular faoliyatini tashkil etish jarayoni qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Ayni paytda Turkiya universitetlarida hamshiralik ishi yo‘nalishi izchil rivojlanish bosqichida. Bu yerda talabalar nazariy ta’lim bilan cheklanib qolmaydi. Amaliy mashg‘ulotlar shifoxonalar, laboratoriyalar va xalqaro universitetlarda o‘tkaziladi.

Ilk maktab qachon ochilgan?

Turkiyada ilk hamshiralik maktabi 1925 yilda tashkil etilgan. Ikki yillik va uch oylik kurslardan iborat ushbu muassasaga kirish imtihonlari faqat yozma shaklda o‘tkazilgan. 1958 yilga kelib professional shakldagi hamshiralik ta’limi yo‘lga qo‘yilib, o‘qish davomiyligi uch yildan to‘rt yilga uzaytirildi.

Turkiya milliy mudofaa vazirligi 1939 yilda birinchi harbiy hamshiralik maktabini tashkil etdi va u 1947 yili moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yopildi.

Ilk hamshiralik ishi instituti 1955 yilda Egey universiteti, keyin esa Hacettepe universiteti va Istanbuldagi boshqa institutlar qoshida tashkil etilgan. Ularning barchasi hamshiralik kasbi va o‘qitish usullari evolyusiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. 1982 yilga kelib harbiy hamshiralarni tayyorlovchi muassasalar qayta tashkil etila boshlandi.

Hacettepe universiteti o‘z tarkibida ilk bor hamshiralar kollejini ochdi va 1972 yilda universitetda bu yo‘nalishda doktorantlar ham tayyorlashga kirishildi.

Necha yil o‘qish kerak?

Hamshiralik ishi bo‘yicha bakalavriat dasturi to‘rt yillik kursni o‘z ichiga oladi. U sakkiz semestrdan iborat. Turkiya xalqaro talabalar uchun ingliz tilida ushbu kurslarni taklif qiladi. Agar chet ellik talaba ingliz tilida o‘qimaydigan bo‘lsa, turk tili sertifikatini olish uchun “til tayyorlov yili” deb nomlanuvchi bir yillik dasturni tugatishi lozim.

Bakalavriat hamshiralik ishi o‘quv dasturi quyidagi fanlarni o‘z ichiga oladi: anatomiya, fiziologiya, hamshiralik ishi tamoyillari va amaliyotlari, etika, biokimyo, mikrobiologiya, farmakologiya, patologiya va hamshiralik ishi (bolalar salomatligi, ruhiy salomatlik, ayollar salomatligi, jamoat salomatligi, jarrohlik kasalliklari, ichki kasalliklar va yuqumli kasalliklar).

Turkiya davlat universitetlariga kirish turk tili sinovi yoki AQShning SAT testi natijalariga bog‘liq. O‘qish tili sifatida ingliz tilini tanlashda TOEFL sertifikatiga ega bo‘lish lozim. Agar siz turkchada tahsil olishni ma’qul ko‘rsangiz, TÖMER sertifikatini taqdim etishingiz kerak.

Ba’zi universitetlar ma’lum o‘rtacha ballga ega bo‘lishni talab etadi. Biroq stipendiya olish uchun ariza topshirishda yuqori o‘rtacha ko‘rsatkich zarur.

Amaliyot hamshiralik kurslarining bir qismidir. Talabalar filial shifoxonalari orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ham ega.

Oliy ma’lumot zarur!

Hamshiralik ishi bo‘yicha o‘qish, muvaffaqiyatga erishish ishtiyoqmand va sabr-toqatli odamlar uchun qiyin emas. Bu kasb bemorlar bilan muloqot qilish qobiliyati va samimiylikni talab qiladi. Shuningdek, Turkiyada hamshiralik ishi uchun O‘zbekistondagi kabi o‘rta maxsus daraja emas, oliy ma’lumot bo‘lishi shart.

Bu yerda ko‘plab universitetlar ingliz tilida ham hamshiralik ishi bo‘yicha dasturlarini taqdim etadi. Ularni tamomlagan mutaxassislar davlat yoki xususiy shifoxonalar, shuningdek, reabilitasiya va fizioterapiya muassasalarida ishlashlari mumkin.

Turli idora va tashkilotlar, jumladan, onalik va bolalik markazlari, oilani rejalashtirish muassasalari, o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlarida ham ish o‘rinlari mavjud.

Eng yaxshi universitet qaysi?

Mehnat bozorini baholash natijalari va ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, quyidagi universitetlar hamshiralarni tayyorlash borasida eng yaxshilari deb tan olingan: Atilim, Istine, Okan, Istanbul Aydin, Uskudar, Baskent, Bahcheshehir, Gelisim, Medipol, Yeditepe, Kultur, Maltepe, Boykent va Bilgi universitetlari.

Turkiyada hamshiralik ishi bo‘yicha o‘qish xarajatlari boshqa mamlakatlarga nisbatan o‘rtacha qiymatda deb tasniflanadi.

Fan doktori bo‘lish ham mumkin

Mutaxassislar Turkiyada hamshiralik ishi bo‘yicha magistraturada o‘qishlari mumkin. Magistratura va doktorantura darajasida bir nechta hamshiralik ixtisosliklari mavjud.

Kompleks sog‘liqni saqlash hamshirasi, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, qariyalar uchun hamshiralik parvarishi, favqulodda vaziyatlar va baxtsiz hodisalarda hamshiralik ishi, kuyish ishi, klinik hamshiralik, markaziy parvarish hamshirasi, neonatal reanimasiya, parvarish hamshirasi, jarrohlik hamshirasi, bolalar bog‘chasi hamshirasi, sinish va suyak hamshirasi, ichki hamshiralik va onkologiya, birlamchi tibbiy yordam va ruhiy salomatlik hamshirasi, behushlik va endoskopik hamshiralik shular jumlasidan. Ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyati yaratilgan.

Boloniya shartnomasi nima beradi?

2010 yildan beri Turkiya hukumati ta’lim va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro integrasiya yuzasidan keng ko‘lamli ish olib bormoqda. O‘qishga qabul qilishning markaziy qabul tizimi to‘xtatilgan. Universitetlar qabul mezonlarini o‘zlari mustaqil belgilashlari mumkin. Bu minglab xalqaro talabalarning Turkiyada tahsil olish uchun qiziqish bildirishiga sabab bo‘ldi.

Mamlakatda ta’lim olish uchun eng arzirli sabablardan biri – Boloniya shartnomasi. 2002 yilda imzolangan bu hujjat Turkiya universitetlari bitiruvchilariga 40 dan ortiq Yevropa davlatida ishlash uchun yo‘l ochadi.

Turkiyada hamshiralik ishi ta’limi boshqa rivojlangan davlatlar standartlari bilan uyg‘un. AQSh yoki Buyuk Britaniya singari global ta’lim uchun infratuzilmaga ega. Bu hamshiralik va boshqa barcha tibbiy dasturlar uchun ham daxldor. Qolaversa, Turkiyada yashash narxi ancha hamyonbop. Hukumat xorijlik talabalarga stipendiya ham taklif qiladi. Bunga yuqori akademik natijalarga ega bo‘lgan talabalar munosib bo‘ladi.

Umuman olganda, Turkiya tibbiyot sohasida dunyoning tan olingan davlatlaridan. Shunday ekan, mutaxassislarni o‘qitish, xususan, hamshiralar tayyorlash borasida ham yuqori sifatli dasturlarga ega, deb bemalol ayta olamiz. Shu sababdan ham O‘zbekiston qardosh mamlakat bilan ushbu yo‘nalishda doimiy hamkorlik qilib kelmoqda.

Kiritildi: 10:57 04.11.2024. O'qildi: 769 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!