Shvesiyadagi Karolinska instituti tadqiqotchilari amerikalik bolalarning ekran oldidagi odatlari va kognitiv rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganib chiqdi. Vaqtini o‘rtachadan ko‘ra ko‘proq qismini video o‘yinlar o‘ynash orqali o‘tkazadigan bolalarning aqliy salohiyati o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoriligi, televizor tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning esa ijobiy yoki salbiy ta’siri yo‘qligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida chop etildi.
Bolalar tobora ko‘proq vaqtlarini ekran qarshisida o‘tkazishmoqda. Buning salomatlikka qanday ta’sir qilishi va aqliy qobiliyatlari uchun ijobiy yoki salbiy ta’siri haqida munozaralar avj olgan. Shu sababli, Karolinska instituti va Amsterdam Vrije universitetidagi tadqiqotchilar, ekran qarshisidagi odatlar va aqliy salohiyat orasidagi bog‘liqlikni tadqiq etdilar.
Tadqiqotda 9000 dan ziyod amerikalik o‘g‘il va qiz bolalar ishtirok etdi. 9-10 yoshdagi bolalarga umumiy kognitiv qobiliyatlarini o‘lchash uchun bir qancha psixologik testlar berildi. Bolalar va ularning oilasidan bolalarning televizor va video tomosha qilib, video o‘yinlar o‘ynab va ijtimoiy tarmoqlarda kezib, qancha vaqt sarflashlari so‘raldi.
Ikki yil o‘tib 5000 dan ortiq bola kuzatildi va shu nuqtada psixologik testlarini qayta yechishlari so‘raldi. Bu tadqiqotchilarga testlarda bolalarning ko‘rsatkichlari bir testdan ikkinchisiga qanday o‘zgarganligini va birinchi testdagi individual farqlarni tekshirish imkonini berdi.
O‘rta hisobda, bolalar kunning 2,5 soatini televizor tomosha qilib, 30 daqiqasini ijtimoiy tarmoqlarda va 1 soatini video o‘yinlar o‘ynash orqali o‘tkazdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, me’yoridan ko‘proq o‘yin o‘ynaganlar ikki o‘lchov oralig‘ida o‘zlarining aql-idrokini o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 2,5 IQ ballga oshirgan. Televizor tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqlarni kezishning sezilarli ijobiy yoki salbiy ta’siri kuzatilmadi.