Payshanba kuni Vyetnam Sosialistik Respublikasi Milliy majlisi (bir palatali parlament) Siyosiy byuro a’zosi, hukmron Vyetnam Kommunistik partiyasi (VKP) Markaziy qo‘mitasi kotibiyatining doimiy a’zosi Vo Van Txiongni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. Bu haqda Milliy assambleya raisi Viong Din Xyue ma’lum qildi, deya xabar berdi TASS.
Vo Van Txiong vatanga, hukmron Vyetnam Kommunistik partiyasiga va Vyetnam xalqiga sodiqlik qasamyodini qabul qildi. Ovoz berish natijalari e’lon qilingandan so‘ng darhol davlat rahbarining inaugurasiya marosimi bo‘lib o‘tdi.
52 yoshli Vo Van Txiong zamonaviy Vyetnam tarixidagi 12-prezident bo‘ldi. U 1970 yil 13 dekabrda janubdagi Vinlong provinsiyasida tug‘ilgan. 1992 yilda Janubiy Xoshimin universitetining falsafa fakultetini marksizm-leninizm falsafa yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan, 1999 yilda esa Xoshimin nomidagi Vyetnam Milliy universitetining Ijtimoiy va gumanitar fanlar universitetining falsafa magistri darajasini olgan. O‘tgan yillar davomida Vyetnam Kommunistik yoshlar ittifoqida, mahalliy partiya tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan, 2007 yil iyun oyida esa Milliy majlisga saylangan.
Barcha rahbar kadrlar, shu jumladan, prezident, bosh vazir va parlament raisi saylovlari Vyetnam Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining tavsiyasiga ko‘ra Milliy majlis tomonidan o‘tkaziladi, u Vyetnam Sosialistik Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq , mamlakatdagi eng yuqori hokimiyat hisoblanadi. 1 mart kuni Xanoyda bo‘lib o‘tgan 13-chaqiriq Vyetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining navbatdan tashqari plenumida hukmron partiya yanvar oyida o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan Nguyen Suan Fuk o‘rniga mamlakat prezidentligiga Vo Van Txiong nomzodini tavsiya qildi. Yangi prezident bu lavozimda 2026 yilgacha ishlaydi.
69 yoshli Nguyen Suan Fuk zamonaviy Vyetnam tarixida vakolat muddati tugamasdan iste’foga chiqqan birinchi prezident bo‘ldi.